Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xodimlariga “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunining mazmun-mohiyati va ahamiyati tushintirildi
2024-06-26 18:10:00 / Yangiliklar
Tadbirda vazirlikning barcha xodimlari, bosh prokuraturadan Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari K.Musashayxov va Xuquqni muhofaza qilish akademiyasi prokurori T.Safarovlar maruzalari bilan ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mazkur Qonun manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tartibga solishga qaratilgan.
Qonunda quyidagilar belgilangan:
manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymaslik, mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar berish, shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab boshqalarni harakat (harakatsizlikka) majburlamaslik bo‘yicha xodimlarning huquq va majburiyatlari;
Bunda manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi axborotni xodimlar tomonidan oshkor etish ikki shaklda, yaʼni mavjud manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi xabarnoma berish va ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi deklaratsiya to‘ldirish orqali amalga oshiriladi.
xodimga aloqador shaxslar davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan munosabatlarga kirishganda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha deklaratsiya to‘ldirish majburiyatlari belgilandi.
Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni davlat tomonidan tartibga solishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi maxsus vakolatli davlat organi sifatida belgilandi.
O‘z navbatida, davlat tashkilotlari, ularning odob-axloq komissiyalari, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishda ichki nazorat vazifalarini amalga oshirishi bildirildi.
Davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar to‘qnashuvini hisobga olish reyestri yuritiladi. Unda xabar berilgan, aniqlangan hamda tartibga solingan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi maʼlumotlar kiritib boriladi.
Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida xabar bermaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.
Agarda ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etiladigan bo‘lsa besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, mansabdor shaxslar tomonidan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.
Agarda ushbu xatti-harakatlar bir yil davomida takroran sodir etiladigan bo‘lsa, o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
Bunda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirish bilan bog‘liq vazifalar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l quyilgan holda tuzilgan bitimlar sud tartibida haqiqiy emas deb topiladi hamda bitim bo‘yicha barcha olingan foyda davlat daromadiga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, vazirlik xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli javob olishdi va kelgusida o‘z xizmat faoliyatini olib borishda bugungi tadbirda olgan bilimlarini amaliyotda keng qo‘llashini bildirishdi.