Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi
2025-03-06 13:30:00 / Yangiliklar

Joriy yil 6-mart kuni Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu majlisda Kengash a’zolari tomonidan qator dolzarb loyihalar ko‘rib chiqiladi.
Yig‘ilish kun tartibidan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan Alisher Navoiy san’at saroyi binosi hamda “Shodlik” mehmonxonasi muhofaza hududida ko‘p qavatli noturar joy binosini qurish loyihasi va poytaxtning Yakkasaroy tumanida joylashgan To‘qimachilik kombinati madaniyat saroyi binosining muhofaza hududida xorijiy davlatlarning urf-odatlari, milliy hamda madaniy an’analarini aks ettiradigan pavilionlar qurish kabi 10 ga yaqin masalalar o‘rin olgan. Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari tomonidan muhokama qilinadigan loyihalar haqidagi ma’lumotlar bilan Madaniy meros agentligining rasmiy sayti orqali tanishib chiqishingiz mumkin.
Ma’lumot uchun, 2024-yilning 20-may kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga muvofiq Kengashga moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlarning loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlari, ularda rejalashtirilgan asrashga doir ishlarni obyektning tarixiy-madaniy ahamiyati hamda noyobligiga putur yetkazmagan holda texnologiya va materiallarning qo‘llanilishi bo‘yicha tegishli xulosa berishga doir qator vazifalar belgilangan.