#bilasizmi?
2025-02-21 19:15:00 / Yangiliklar

Xususiy mulk hisoblangan moddiy madaniy meros obyektlaridan foydalanish mezonlari qanday?
Bugun #bilasizmi rukni orqali ushbu obyektlardan foydalanish tartibi qanday ekanligi haqida so‘z yuritamiz. Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan yurtimizdagi 8 ming 300 dan ortiq tarixiy, badiiy yoki o‘zga madaniy qimmatga ega yodgorliklar ushbu ro‘yxatga jamlangan. Ular orasida 527 ta obyekt xususiy mulk sifatida ro‘yxatga olingan. Ushbu madaniy meros obyektlarining aksariyati XIX-XX asrlarda bunyod etilgan choyxona, hammom, hovli, xonadon, mozaika kompozitsiyalari, maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari, oromgohlar, devoriy suratlar hamda fuqarolik inshootlaridan iboratdir.
O‘zbekistondagi madaniy meros obyektlari davlat tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. Ulardan foydalanish O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi 1990-yil 31-sentabrdagi qonunining 7-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi 265-sonli qarori asosida amalga oshiriladi va tartibga solinadi.
Obyektlardan muzey, galereya, madaniy markaz yoki turizm maqsadida foydalanish mumkin. Madaniy meros obyektiga tegishli xususiy mulkni buzish va qayta qurish qat’iyan man etiladi. Xususiy mulk egasi obyektdagi har qanday rekonstruksiya, ta’mirlash yoki o‘zgartirish ishlarini Madaniy meros agentligi bilan kelishgan holda amalga oshirishi shartligi belgilab qo‘yilgan. O‘z navbatida xususiy mulkdan foydalanishning bir nechta shartlari mavjud. Xususiy mulk sifatida ro‘yxatga olingan madaniy meros obyektlaridan foydalanishning bir nechta qoidalari mavjud, ya’ni xususiy mulk sohiblari obyektlarni asl holatini saqlash majburiyatiga ega.
Agar ta’mirlash yoki restavratsiya zarur bo‘lsa, u faqat Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining tegishli ruxsati bilan amalga oshiriladi. Agar obyekt restoran, mehmonxona yoki boshqa tijorat maqsadlarida foydalanilsa, uning tarixiy ahamiyati va madaniy qadriyatiga zarar yetkazmasligi belgilab qo‘yilgan. Undan tashqari madaniy meros obyekti hisoblangan xususiy mulkni sotish yoki sotib olish amaldagi qonun hujjatlariga asosan amalga oshiriladi. Biroq madaniy meros obyektini sotib olgan shaxs uni asrab-avaylash, asl qiyofasini saqlash, restavratsiya qilish va qonun talablariga rioya qilish majburiyatini oladi. Fuqaro nomida bo‘lgan obyektni sotish yoki ijaraga berish bo‘yicha esa hech qanday cheklovlar mavjud emas.
Madaniy meros obyektlari xususiy mulk sifatida ro‘yxatga olinsa ham, ular ustidan davlat qat’iy nazorat o‘rnatadi. Xususiy mulk egasi obyektning asl qiyofasini saqlash, restavratsiya qilish va qonun talablariga rioya qilish majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi. Agar ushbu shartlar buzilsa, davlat nazorat organlari tomonidan mulkdorlarga nisbatan ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik qo‘llashi belgilab qo‘yilgan.