#rasmiy_munosabat
2025-01-17 15:10:00 / Yangiliklar
Ijtimoiy tarmoqlarning birida fuqaro tomonidan madaniy meros obyektiga kamera o‘rnatish qanchalik to‘g‘ri mazmunida post qoldirilgan. Xabar yuzasidan Madaniy meros agentligi Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan shu kunning o‘zida vaziyat joyiga chiqqan holda o‘rganildi. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Andijon viloyatining A.Fitrat ko‘chasida joylashgan “Jome' me’moriy majmuasi” arxitektura yodgorligi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qaroriga asosan “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari Milliy ro‘yxati”ga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-sentabrda “Mahallalarda jamoat tartibini saqlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 588-son qarori qabul qilingan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida majmua shahar markazida joylashganligini inobatga olib yodgorlikka zarar yetkazmagan holda xavfsizlikni ta’minlovchi kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan.
Ma’lumot uchun, majmuaning umumiy yer maydoni 23,140 kv. metrni tashkil etadi. Yodgorlikning atrofi ochiqligi, shuningdek, g‘arb-sharq hamda shimol-janub tomonlaridagi yo‘laklardan kirib keladigan mahalliy va xorijiy sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu nazorat kameralari o‘rnatilgan.