Ilmiy-ekspert kengashning navbatdagi yig‘ilishi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadi
2024-12-25 10:20:00 / Yangiliklar
2024-yilning 25-dekabr kunlari Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashning navbatdagi sayyor yig‘ilishi Toshkent shahrida joylashgan Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutida o‘tkaziladi. Ushbu majlisda Kengash a’zolari tomonidan 9 ta dolzarb loyiha ko‘rib chiqiladi.
Navbatdagi yig‘ilish kun tartibidan Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida joylashgan “Chorsu gumbazi” madaniy meros obyektini restavratsiya qilish va Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida joylashgan “Aleksandr Nevskiy nasroniy ibodatxonasi”ni restavratsiya va ta’mirlash-tiklashga doir 10 ga yaqin muhim loyihalar o‘rin olgan. Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari tomonidan muhokama qilinadigan loyihalar haqidagi ma’lumotlar bilan Madaniy meros agentligining rasmiy sayti orqali tanishib chiqish mumkin.
Ma’lumot uchun, 2024-yilning 20-may kuni Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq Kengashga moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlarini asrashga doir ishlarning loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlari, ularda rejalashtirilgan asrashga doir ishlarni obyektning tarixiy-madaniy ahamiyati hamda noyobligiga putur yetkazmagan holda texnologiya va materiallarning qo‘llanilishi bo‘yicha tegishli xulosa berishga doir qator vazifalar belgilangan.