#Qaydlar. Insonning qalb ko'zini ochguvchi qudrat!
2024-04-16 12:00:00 / Yangiliklar
15-aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni! Bayram muborak, do‘stlarim!
Daraxtning barq urib yashnagan barglarini ko‘z oldingizga keltiring-a... Ularning temirga aylanib qolishini tassavvur etolasizmi? Yo‘q, aql bovar qilmaydi!
San’atni ham Hayot Daraxti barglariga qiyoslamoq mumkin. U temirga aylansa, tamom, tiriklik o‘z mohiyatini yo‘qotadi, odamlar qalbi zanglay boshlashi mumkin....
Aslida San’at va Madaniyat Hasan - Husan singari egizdir. Qushning ikki qanoti kabi! Albatta, qush qanotsiz parvoz qilolmaydi. San’at va madaniyatsiz jamiyat ham shu ahvolda bo‘ladi.
Madaniyatga tegishli barcha tushunchalarni “Odamiylikni asrash...”, degan aqida birlashtirib turadi.
San’at tushunganlar uchun Hayot, tushunmaganlar uchun esa Sanoatdir!
Sahnaning muqaddasligi shundaki, butun insoniyat dardi, kerak bo‘lsa, zamin yukini ko‘tarishga qodir bu dargoh iste’dodsiz kimsaning oyoq bosishiga dosh berolmaydi. Sahna baribir keraksiz yukni o‘z ustidan uloqtirib tashlaydi.
Sahna tomoshabin qalbiga ko‘chib o‘tgandagina chinakkam san’at bo‘y ko‘rsatadi. Chunki, sahnada yashay bilgan san’at odamlar qalbida ham yashay oladi. Muhimi shu!
San’at yurak tilida so‘zlaydi. Yurak tilini tushunganlar muhabbat tilida so‘zlasha oladilar. Muhabbat tili esa butun Insoniyatga tegishli tildir!
San’at chindan qudratli qurol; faqat u bilan ezgulikni himoya qilmoq kerak.
Qo‘chqor Norqobil 15. 04. 2024. y