“Madaniyat to‘lqinlari” media loyihasiga start berildi
2024-04-01 19:25:00 / Yangiliklar

Tanlov shaklida o‘tkaziladigan loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida milliy g‘urur, Vatanga sadoqat, turli sohalarda kasbiy madaniyatni rivojlantirish, oilaviy qadriyatlar, urf-odat va an’analar kabi umuminsoniy ezgulik g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda media makonni ushbu mavzudagi materiallar bilan boyitishdan iborat.
Tanlov quyidagi yo‘nalishlar boy‘icha o‘tkaziladi:
– milliy g‘urur tushunchasini targ‘ib qilish, Vatanga sadoqat tuyg‘usini ommalashtirish;
– turli sohalarda kasbiy madaniyatni rivojlantirish;
– oilaviy qadriyatlar asrab-avaylash (masalan, oilada otaning o‘rni qanday bo‘lishi kerak);
– urf-odat, milliy qadriyat va an’analarni ommalashtirish hamda ularning unut bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik;
– harbiy-vatanparvarlik tuyg‘ularini (Vatanning har qarich yerini qo‘riqlash, yurt ozodligi yo‘lida jon berishni sharaf deb bilish), jangovar shaylikni mustahkamlashga har bir fuqaro mas‘ul ekanini singdirib borish;
– bugungi jadidlar siymosini gavdalantirish;
– zamonamiz qahramoni deb aytish mumkin bo‘lgan oramizdagi oddiy odamlarni ommaga tanitish;
– yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga undaydigan, o‘z kuchiga ishonishni, sinovlardan cho‘chimaslikni targ‘ib etish;
– qiz farzandlarni o‘qitish, kasb-hunarli bo‘lishi hamda zamonaviy ilmlarni egallashiga ko‘maklashish, bu orqali “Alp Onadan” degan qadimiy taomil mohiyatini ommalashtirish;
– hech qanday tanish-bilishsiz, o‘zining bilimi, mehnati, intilishlari sababli jamiyatda munosib o‘rnini topgan yoshlar hayotini aks ettiruvchi, boshqalarni muvaffaqiyatlar sari undovchi ta’sirchan ijtimoiy roliklar yaratish.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha beshtadan media mahsulot tanlab olinadi.
Tanlovda blogerlar (vayner, youtuber, podkastchilar va hokazo), ijtimoiy tarmoq faollari hamda vazirlik tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarining talabalari, o‘qituvchilari, bolalar musiqa va sanʼat maktablarining o‘qituvchilari, badiiy va ijodiy jamoalar xodimlari ishtirok etishlari mumkin. Ishtirokchilarning yoshi chegaralanmagan.
Tanlovda ishtirok etishni istagan ijodkorlar 2024-yil 15-apreldan boshlab Madaniyat vazirligining Milliy tanlovlar telegram kanalidagi botdan ro‘yxatdan o‘tishlari, o‘z ssenariylarini hamda xarajatlar smetasini taqdim etishlari lozim.
Belgilangan muddatdan kech taqdim etiladigan mediamahsulot qabul qilinmaydi.
Tanlovning saralash bosqichlari aprel va may oylari davomida o‘nta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladi Tanlov iyun oyida yakunlanadi. Jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilingan va g‘oyaviy yuksak eng yaxshi 50 ta media mahsulot mualliflari Hakamlar hayʼati xulosasiga ko‘ra g‘olib deb topiladi va ularning mualliflari 50 million so‘mdan pul mukofoti, diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.