O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda 2024-yildagi rejalar haqida hisobot
2024-02-29 18:45:00 / Yangiliklar
2023-yilning 22-dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida madaniyat va san’at sohasiga qaratayotgan e’tiborlaridan albatta har bir madaniyat sohasi vakilida o‘z kasbiga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish bilan birga uning g‘ayratiga-g‘ayrat, shijoatiga-shijoat qo‘shdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Avvalambor har bir sohani yanada rivojlantirish, yangilik kiritish uchun o‘tgan bir yillik davrda qilingan ishlarni sarhisob qilinib, keyingi istiqboldagi rejalar belgilab olinadi, ya’ni buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning “Moziyga qarab ish ko‘rmoq xayrlidir” degan mashhur ibratli gaplariga amal qilingan holda qolaversa, bugungi kunda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini ta’minlash orqali jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilganligining guvohi bo‘lmoqdamiz, shu munosabat bilan bugungi matbuot anjumanida Madaniyat vazirligi tomonidan “2023-yilda qilingan ishlarning sarhisobini va istiqboldagi rejalari”ni e’lon qilamiz.
2023-yil davomida bevosita vazirlik tomonidan, 12 ta xalqaro festivalar hamda konferensiyalar yuqori saviyada o‘tkazildi.
Shu bilan birga xorijiy davlatlarda Iqtidorli xonanda va sozandalar tomonidan 6 ta, O‘zbekiston davlat filarmoniyasining ijodiy jamoalarining 16 ta “Bahor” davlat raqs ansambli jamoasi tomonidan 10 ta, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri jamoasi tomonidan 3 ta ijodiy gastrol safarlari amalga oshirildi.
Shu bilan birgalikda, 2023-yil davomida YUNESKO, MDH, TURKSOY, AYSESKO tashkilotlari bilan hamkorlikda 10 ga yaqin xalqaro tadbirlar tashkil etilib, MDH tomonidan “2024-yil Samarqand Hamdo‘stlik davlatlari madaniyati poytaxti” va AYSESKO tashkiloti tomonidan “2025-yil Samarqand Islom dunyosi madaniyati poytaxti” deb e’lon qilindi.
Yuqoridagi ma’lumot va raqamlarga e’tibor bergan bo‘lsangiz, shuni alohida ta’kidlash kerakki madaniyat sohasi vakillarining xorijiy davlatlardagi safarlari hamda xalqaro darajadagi festival va konferensiyalarda ishtirok etishining o‘zi - yurtimiz, millatimiz madaniyatini jahon miqyosida keng targ‘ib etilayotganini ko‘rishingiz mumkin, bu albatta biz uchun katta yutuq hisoblanadi, chunki bir millatning, bir mamlakatning yer yuzida mavjudligini albatta uni milliy qadriyatlarini tarannum etuvchi madaniyati, san’ati belgilab beradi.
Respublika bo‘yicha 2023-yilning o‘tgan davrida 17 202 ta konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilib, 9 mln 687 ming nafar aholi hamda teatrlarda 10 586 ta spektakl seanslari o‘tkazilib, 3 mln 203 ming nafar tomoshabinlar, “O‘zbeksirk” davlat muassasasida 604 ta sirk tomoshalari o‘tkazilgan bo‘lib, 42 ming nafar tomoshabinlar qamrab olindi.
2023-yilning o‘tgan davrida 110 ta to‘liq jonli ijro asosida konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazildi, mazkur ko‘rsatkich 2022-yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshganligini kuzatishimiz mumkin.
Shuningdek, avgust-sentyabr oylarida respublikamizning 7 ta hududida, 14 marotaba xususan, Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Farg‘ona, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Madaniyat karvoni” tadbirlari yuqori saviyada tashkil qilinib, taniqli san’atkorlar tomonidan aholiga konsert dasturi taqdim etildi.
Madaniyat vazirligi tasarrufidagi tashkilotlardagi moddiy –texnik bazani mustahkamlash maqsadida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Navoiy, Namangan hamda Qashqadaryo viloyat qo‘g‘irchoq teatrlari uchun yangi bino qurilib foydalanishga topshirildi.
2023-yilda 7 ta madaniyat markazi ta’mirlanib foydalanishga topshirildi.
Tuman madaniyat bo‘limlariga 110 ta maxsus Damas rusumli avtotransport vositasi bilan ta’minlandi.
Madaniyat markazlari hamda bolalar musiqa va san’at maktablari uchun 6 042 ta milliy musiqa cholg‘ulari xarid qilindi hamda aholi uchun qiziqarli bo‘lgan havaskorlik to‘garaklarini tashkil etish bo‘yicha 10 ming donadan ziyod o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va tavsiyanomalar tayyorlanib, hududlarga yetkazildi.
Kinematografiya sohasida ham qator amaliy ishlar amalga oshirildi, jumladan, 149 ta kinomahsulotlar - shundan 21 ta badiiy film, 73 ta hujjatli film, 10 ta multfilm, 9 ta serial, 36 ta qisqa-metrajli filmlar yaratildi.
5 ta xorijiy davlatlar bilan Anglashuv memorandumlari va hamkorlik dasturlari imzolanib, 4 ta davlatda “O‘zbekiston madaniyat kunlari” hamda O‘zbekistonda 4 ta xorijiy davlatlarning “Madaniyat kunlari” tashkil etildi.
Madaniyat va ma’rifat kanali tomonidan hozirgi kunga qadar, 9 ta opera va balet spektakllari (Sadoqat, Traviata, Faust, Shoh qallig‘i, Toska va Rekvium operalari hamda Oqqush ko‘li, Shahrezada Ming bir kecha baleti) “Oltin fondi”ga yozib olindi.
Taniqli ma’rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan chuqur ma’noli so‘zlari naqadar haqiqat ekanini yaxshi anglaymiz. Tarbiya masalalariga e’tiborsiz qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan ko‘ngilsizliklar ham, u keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar ham barchamizga ayon. Bugungi globallashuv davrida shuni guvohi bo‘lmoqdamizki, qaysiki millat ta’lim-tarbiya masalasida sustkashlikka yo‘l qo‘ysa uning oqibatlari fojeali yakun topmoqda, shuni ta’kidlamoqchimanki ta’lim va tarbiya ikki qanotli qush kabidir, biri ikkinchisini to‘ldirib turadi, o‘tmish tarix shuni isbotlab berganki albatta millat tarbiyasiga ijobiy ta’sir bu madaniyat va san’at bilan hamohang olib boriladi.
Hozirgi kunda Madaniyat vazirligi tizimida jami 368 ta ta’lim muassasalari faoliyat olib bormoqda.
Jumladan, 325 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 30 ta ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktabi, maktab-internatlari, 2 ta kollej va 1 ta texnikum, 5 ta oliy ta’lim muassasasi va ularning 4 ta filiali hamda 2 ta malaka oshirish markazlari mavjud.
Mazkur ta’lim muassasalarida 110 ming 285 nafar o‘quvchi-talabalarga 20 ming 3 nafar professor-o‘qituvchilar ta’lim berib kelmoqda.
Shuningdek, 837 ta madaniyat markazlarida faoliyat olib borayotgan to‘garaklar soni 5 250 taga yetkazilib, unda qatnashuvchi ishtirokchi yoshlar soni 52 ming nafarga oshirildi.
Madaniyat sohasidagi ta’lim muassasalariga mamalakatimizdagi istiqomat qilayotgan aholining barcha qatlamidagi yoshlarni qamrab olishga e’tibor qaratilgan. Respublikadagi barcha viloyat va ularning tumanlarida Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalari faoliyat yuritadi. Bu esa eng chekka hududdagi iqtidor egalarini ruyobga chiqarish, ularni o‘qitish, iste’dodlarini yanada rivojlantirishga ko‘mak bermoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, butun dunyoga madaniyatimizni tarannum etishda uni rivojlantirishda albatta hukumat darajasida qabul qilingan Farmon va qarorlarning o‘rni muhimdir.
Bunga Prezidentning “Respublikada milliy askiya va qiziqchilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 222-son hamda “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi 289-son qarorlari misol bo‘la oladi.
Ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyingi davr mobaynida bir qator amaliy ishlar amalga oshirildi, jumladan:
Marg‘ilon shahrida vazirlik tizimida davlat muassasasi shaklida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi respublika askiya va qiziqchilik san’ati markazi tashkil etildi.
Andijon, Farg‘ona viloyati hamda Toshkent shahrida 28 ta askiya to‘garaklari tashkil etilib, hajviy asarlarni sahnalashtirish uchun 5 ta asarga davlat buyurtmasi e’lon qilindi. Qolaversa, Askiya va qiziqchilik san’ati sohasida taniqli 11 nafar ijodkorlarning mahorat maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Askiya va qiziqchilik san’atini rivojlantirish hamda iste’dodli so‘z ustalarining ijod fondini va maxsus adabiyotlarni yaratish maqsadida 4 nomdagi kitoblar yaratilib, Askiya va milliy qiziqchilik san’atimizni jahon miqyosida targ‘ib qilish maqsadida har yili ikki marta “Tabassum” xalqaro kulgi festivalini o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, sohani yanada rivojlantirish va transformatsiya qilish, madaniyat va san’at muassasalarini ilmiy-ijodiy salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustaxkamlash maqsadida 10ga yaqin normativ-huquqiy hujjat loyihalari ishlab chiqildi.
Yuqorida 2023-yil davomida erishgan natijalarimiz haqida so‘z yuritdik, endi ruxsatlaring bilan 2024-yilda vazirlik tomonidan amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan ma’lumot:
- “O‘zbekteatr” hamda “Madaniyat ta’limi markazi” davlat muassasalari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yish;
- vazirlik tizimidagi Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbekiston milliy musiqa san’ati akademiyasi etib, Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti etib qayta tashkil etish;
- davlat teatrlari tomonidan namoyish etiladigan spektakllarga
- 3,6 mln nafar tomoshabinlar jalb etish;
- 20 dan ortiq xalqaro festival va gastrollarda davlat teatrlarining ijodimy jamoalari ishtiroki ta’minlash;
- 50 nafar ijodiy va yordamchi xodimlarning xorijiy davlatlarning nufuzli teatrlarida mahoratini oshirish;
- davlat buyurtmasi asosida 42 ta spektakllar sahnalashtirish;
- joylarda o‘tkaziladigan sirk tomoshalar sonini 550 taga yetkazish;
- “Surxoncha”, “Buxorocha”, “Farg‘ona-Toshkent yo‘li” kabi raqs yo‘nalishlarini bo‘yicha professional va xavaskorlik ansambllarining xorijiy va mahalliy gastrol safarlarini tashkil etish;
- II Xalqaro maqom san’ati anjumani, XIII “Sharq taronalari”, “Lazgi”, “Gullar bayrami” “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik” kabi 11 ta xalqaro festival va anjumanlarni o‘tkazish;
- “Madaniyat karvoni” shaklida konsert-tomosha tadbirlari hamda hududlarning o‘zarolik tamoyili asosida bir hududning boshqa hududda “Madaniyat kunlari” tadbirlarini o‘tkazish;
- Madaniyat markazlari direktorlari attestatsiyadan o‘tkaziladi hamda Respublika va xalqaro ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari, eng namunali badiiy havaskorlik jamoalari, qiziqchi va teatr aktyorlarini keng jalb etgan holda “Xalq ijodiyoti poyezdi” loyihasi amalga oshirish;
- Vazirlik tizimidagi oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja va ilmiy unvongan ega professor-o‘qituvchilar salmog‘ini oshirish;
- Madaniyat markazlari hamda Bolalar musiqa va san’at maktablari 7 turdagi 1150 komplekt milliy musiqa cholg‘ulari bilan ta’minlash;
- “O‘zbekiston so‘z ustalari” kitob-albomining birinchi tomini nashr ettirish;
- 2024/2025-o‘quv yilidan boshlab Karim Zaripov nomidagi Respublika yestrada va sirk kolleji hamda Farg‘ona ixtisoslashtirilgan san’at maktabida “askiya va qiziqchilik san’ati” yo‘nalishini tashkil etish;
- Askiya va qiziqchilik san’atini ilmiy-tadqiq etish bo‘yicha respublika va xalqaro ilmiy amaliy konferensiyalar tashkil etish;
- Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda millatlararo totuvlik so‘hasida 15 ta ilmiy-tadqiqot va innovasion loyihalarni e’longa berish;
- 16-noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan respublikaning barcha hududlarida “Bag‘rikenglik” haftaligini hamda 30-iyul – “Xalqlar do‘stligi kuni” munosabati bilan “Do‘stlik festivali” tashkil etish;
- “ERP madaniyat” yagona boshqaruv tizimini joriy qilish bo‘yicha 2024 – 2027-yillarga mo‘ljallangan harakatlar dasturi ishlab chiqiladi, Konsert-tomosha faoliyati ishtirokchilarining yagona onlayn portalini ishlab chiqish;
- Respublikada 11 ta xalqaro festivallar, anjumanlar, forumlar
- va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;
- 35 nafar madaniyat va san’at sohasida iste’dodli va yuqori malakali ijodkorlarning mahorat maktablari tashkil etish;
- 15 ta madaniyat va san’at muassasalari davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish;
- madaniyat bo‘limlari 80 ta maxsus avtotrnsport (damas) vositalari, teatrlar 8 ta avtobus hamda 16 ta yuk maxsus avtotransport vositasi bilan ta’minlash;
- “Tirik tarix” turkumida 2024–2030-yillarda 50 ta tarixiy filmlar yaratilishiga kirishiladi, ta’lim tashkilotlari uchun 50 ta o‘quv-uslubiy filmlar yaratish;
- xorijda “O‘zbek kinosi kunlari”ni tashkil etish hamda jahonning eng nufuzli 5 ta xalqaro kinofestival va kinobozorlarida milliy filmlar bilan ishtirok etish;
- 11 ta davlatda “O‘zbekiston madaniyati kunlari”, Berlinda “Markaziy Osiyo madaniyati va san’ati kunlari”, “2024-yil Samarqand Hamdo‘stlik davlatlari madaniyati poytaxti” doirasida madaniyat, san’at va kino haftaligi o‘tkazish kabi vazifalarni belgilangan.