Asosiy kontentga o'tish

Fransuz musiqasi festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

2025-04-12 15:40:00 / Yangiliklar

Avvalroq, O‘zbekistonda fransuz musiqasi festivali bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik.

  

Kuni kecha O‘zbekiston davlat konservatoriyasida fransuz musiqasi festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

 

Unda, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Fransiya, Ruminiya, Italiya, Indoneziya, Hindiston, Qirg‘iziston, Falastin davlatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchilari hamda Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi vakili ishtirok etishdi.

 

Tadbir avvalida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov nutq so‘zlab, festivalni ochib berdi.

 

“Ma’lumki, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar ildizi uzoq tarixga borib taqaladi. 13-asrda buyuk fransuz sayyohi va diplomati Vilgelm de Rubruk qadim Buxoro va Samarqandga safar qilib, o‘lkamizning bebaho madaniy boyliklari, an’ana va qadriyatlarini Yevropaga tanitgan. U o‘z asarlarida xalqimizning mehmondo‘stligi, ko‘hna shaharlarimizdagi madaniy hayot va boy merosimiz haqida iliq taassurotlar yozib qoldirgan. Yillar o‘tib, ana shu qadimiy rishtalar bugun yangi ma’no-mazmun kasb etmoqda. Ayniqsa, ikki mamlakat yetakchilarining 2023-yil noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazgan uchrashuvi, shuningdek, joriy yil 11-13-mart kunlari Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi o‘zaro munosabatlarimizda mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston va Fransiya madaniy-gumanitar sohada keng qamrovli va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan davlatlardir. Madaniyat vazirliklari o‘rtasidagi kelishuvlar, san’at va ijodning turli yo‘nalishidagi hamkorlik, albatta, xalqlarimizni yanada yaqinlashtirmoqda”dedi Ozodbek Nazarbekov.

 

Mazkur Festival yoshlarda musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodda musiqa madaniyatini shakllantirish, davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada yuksaltirish va ular o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, shuningdek, fransuz bastakorlarining boy musiqiy merosini namoyish etish va yosh ijrochilarni qo‘llab-quvvatlash, ikki mamlakatlarning ijrochilarining tajriba almashishlari uchun maydon yaratishdan iboratdir.

 

Festivalda fransiyalik Natali Maren (dirijor), Fransua Shaplen (sozanda), Jan-Batist Roben (sozanda) kabi ko‘plab taniqli ijodkor va ijrochilari ishtirok etmoqda.

 

Shuningdek, Festival doirasida konsert dasturlari, xalqaro darajadagi mahorat darslari hamda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

 

Festivalda taniqli fransuz kompozitorlari Moris Ravel, Klod Debyusi, Pol Duka, Gabriel For, Kamil Sen-Sans va shu kabi boshqa kompozitorlarning asarlari ijro etiladi.

 

Festival 30-aprel kuniga qadar davom etadi.

110

Oxirgi yangilanish: 2025-04-12 17:57:12

Fransuz musiqasi festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi