Taqdirlash marosimida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etib, g’oliblar hamda festival ishtirokchilarini tabrikladi
2025-03-26 17:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli festival ishtirokchilari!
Qadrli ustoz va murabbiylar!
Aziz yoshlar!
Avvalo, barchangizni yasharish va yangilanish ayyomi – Navro‘zi olam bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
O‘lkamizda bayram shukuhi kezib yurgan ayni mana shu kunlarda “Navro‘z sadolari” xalqaro musiqa festivalining o‘tkazilayotgani ham o‘ziga xos ramziy ma’noga ega.
Navro‘z tabiat uyg‘onishi, yangi hayot ramzi va yangi umidlarning boshlanish pallasi hisoblanadi.
Shu ma’noda, “Navro‘z sadolari” festivali ham biz uchun yangi kurtaklar yorib chiqadigan, yangi nihollar bo‘y cho‘zadigan, ulkan orzularimizga umid va qanot bag‘ishlaydigan o‘ziga xos san’at bayramidir.
O‘zbekistonda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasi sifatida yosh iqtidor egalari uchun katta-katta sahnalarga ko‘prik vazifasini o‘tab beradigan noyob anjumandir.
Yana bir muhim jihati shundaki, yaqin qo‘shni va qardosh mamlakatlar bilan tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va hamjihatlik rishtalari, madaniy aloqalarimiz bevosita mana shu festivalda ham o‘z aksini topmoqda.
Ya’ni, ushbu san’at bayramida nafaqat yurtimiz, balki Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston hamda Qirg‘izistondan iqtidorli yoshlarning ishtirok etayotgani bizni behad quvontiradi.
Fursatdan foydalanib, ushbu qardosh davlatlardan tashrif buyurgan aziz mehmonlarimizga yuzlanib – betakror iqtidor egalariga beshik bo‘lgan, madaniyat va san’at yuksak qadrlanadigan O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz deyman.
Qadrli do‘stlar!
Ko‘p ovozli ijro yo‘nalishini rivojlantirish va yanada ommalashtirishga qaratilgan “Navro‘z sadolari” o‘n birinchi musiqa festivali ikki bosqichda o‘tkazildi. Dastlabi bosqich hududlarda tashkil etilib, unda mingga yaqin o‘g‘il-qizlar qatnashdi.
Yakuniy bosqichda 18 ta ansambl, 13 ta orkestr – jami 31 ta jamoadan 500 dan ziyod ishtirokchi o‘z iqtidorini namoyish etdi.
Bugun ular orasidan 16 ta g‘olib jamoa taqdirlanadi. Shuningdek, bir qancha nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar e’tirof etiladi.
Fursatdan foydalanib, ushbu festivalni Madaniyat vazirligi bilan birgalikda tashkil etishda ulkan hissa qo‘shgan Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasining “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari kamer orkestriga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Hurmatli festival ishtirokchilari!
Bu kabi festivalь va anjumanlar orqali yosh ijrochilarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash, mahoratini oshirish va rag‘batlantirish bundan keyin ham doimiy e’tibor markazimizda bo‘ladi.
O‘z navbatida, bunday tizim yosh ijodkorlar tomonidan yangi asarlar yaratishga, milliy cholg‘ular ansambli va orkestrlarining ijodiy faoliyatini yanada jadallashtirishga, repertuarlarini boyitishga katta turtki beradi degan umiddamiz.
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, siz, aziz yoshlarimizning erishgan yutuqlaringizga katta hissa qo‘shib kelayotgan ustoz va murabbiylaringizga, jamoangiz a’zolariga, sizlarni qo‘llab-quvvatlab turgan ota-onalaringizga chin dildan minnatdorlik izhor etaman.
Barchangizga sihat-salomatlik, ijodiy faoliyatingizda ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilayman.
“Navro‘z sadolari”ning sadosi butun olamga yoyilsin!
San’at va do‘stlik bayrami barchangizga muborak bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun tashakkur.