Ostonada Qozog‘iston madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva hamda O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-03-26 18:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 25-26-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov xizmat safari bilan Qozog‘iston Respublikasida bo‘ldi.
Xizmat safari davomida Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda so‘nggi yillarda madaniyat sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning tobora rivojlanayotganligi, davlat rahbarlari tashabbusi bilan ikki davlat o‘rtasida madaniy gumanitar sohada yangi tarix yozilayotganligi alohida ta’kidlandi.
Erishilgan kelishuvlarni amalga tatbiq etish hamda hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan bir qator takliflar berildi. Xususan, ikki davlat teatrlarining o‘zaro gastrol safarlarini tashkil etish, kino sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, Ostona shahridagi kaskadyorlik maktabi bilan aloqalarni rivojlantirish, madaniyat sohasida ta’lim oluvchi yoshlar uchun "o‘zaro talaba almashinuv" dasturlarini yo‘lga qo‘yish, mamlakatlar madaniyati bilan yaqindan tanishtiruvchi "Madaniyat kunlari" tadbirlarini doimiy tashkil etish, shuningdek, ikki davlatda tashkil etiluvchi xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston va Qozog‘iston ijodiy guruhlarining doimiy ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.