“Navro‘z sadolari” milliy cholg‘ular ko‘p ovozli ansambl va orkestrlarining XI xalqaro musiqa festivaliga start berildi
2025-03-24 16:40:00 / Yangiliklar

Bugun, 24-mart kuni “Navro‘z sadolari” milliy cholg‘ular ko‘p ovozli ansambl va orkestrlarining XI xalqaro musiqa festivaliga start berildi.
Festival Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasining “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari kamer orkestri tashabbusi bilan ushbu XI marotaba o‘tkazilmoqda.
Uch kun davom etadigan festivalning bugun ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxanova, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori Kamoliddin O‘rinboyev hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Bosh direktori Anvar Tajibayev ishtirok etishdi.
24-26-mart kunlari O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bo‘lib o‘tadigan ushbu festivalda 100ga yaqin O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon kabi davlatlardan qatnashchilar ishtirok etmoqda.
Mazkur Festival yoshlarda musiqa va san’atga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodda musiqa madaniyatini shakllantirish, mamlakatimizda milliy cholg‘ularida ko‘p ovozli ijrochilikni yanada rivojlantirish, yosh ijrochilarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash, ulardagi ijrochilik mahoratlarini oshirish hamda rag‘batlantirish, davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada yuksaltirish va ular o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash, yoshlarda Vatanga muhabbat va yurtga sadoqat ruhini shakllantirish hamda ularni vatanparvarlik ruhida kamol topishlariga ko‘maklashish, yosh ijodkorlar tomonidan barkamol asarlar yaratishni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy cholg‘ular ansambli va orkestrlarining ijodiy faoliyatini yana ham jadallashtirish, ularning repertuarlarini bundan-da boyitish maqsadida o‘tkazib kelinmoqda.
Festival g‘oliblari quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlanadi:
– Maktabgacha ta’lim muassasasining eng yaxshi ko‘p ovozli ansambli;
– Bolalar musiqa va san’at maktabining eng yaxshi ko‘p ovozli ansambli;
– Bolalar musiqa va san’at maktabining eng yaxshi orkestri;
– Ixtisoslashtirilgan san’at (musiqa) maktab hamda maktab-internatining
eng yaxshi ko‘p ovozli ansambli;
– Ixtisoslashtirilgan san’at (musiqa) maktab hamda maktab-internatining
eng yaxshi orkestri.
Har bir nominatsiya bo‘yicha Festival g‘oliblari quyidagi tartibda taqdirlanadi:
Gran-pri – Festival kubogi, diplom va 10 000 000 so‘m pul mukofoti;
1- o‘rin – birinchi darajali diplom, statuetka, 6 000 000 so‘m pul mukofoti;
2- o‘rin – ikkinchi darajali diplom, statuetka, 4 000 000 so‘m pul mukofoti;
3- o‘rin – uchinchi darajali diplom, statuetka, 3 000 000 so‘m pul mukofoti.
Festival ishtirokchilari quyidagi qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha
taqdirlanadi: “Umid” nominatsiyasi – maxsus diplom, 2 000 000 so‘m pul mukofoti.
Ma’lumot uchun, festival 26-mart kuniga qadar davom etib, shu kuni g‘oliblar e’lon qilinadi.
Festival ishtirokchilariga omad tilaymiz!