Latviyada Navro‘z bayrami nishonlandi
2025-03-20 09:55:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Latviya Respublikasining Riga shahrida O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkiya diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda Navro‘z bayrami munosabati bilan madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda, Latviya rasmiylari, elchixona vakillari, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-akademik, ishbilarmon doiralari va o‘zbek madaniy markazi vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirning ochilish qismida elchixona vakillari so‘zga chiqib, Navro‘z bayramining qadimiyligi, keng geografik qamrovi va uni nishonlash vaqtidagi turli davrlari sababli, nomoddiy madaniy merosning xilma-xil xususiyatlari hamda qadimgi qadriyatlarimizni e’zozlash an’analari kabi yuksak g‘oyalarni o‘zida mujassam etganligini ta’kidladilar.
Shuningdek, tadbirga tashrif buyurganlarga 2025-yilda Samarqandda bo‘lib o‘tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi haqida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida barcha ishtirokchi davlatlar o‘z milliy burchaklarini taqdim etishdi. O‘zbekistonning milliy burchagida mamlakatimizning sayyohlik salohiyatiga oid ma’lumotlar, milliy liboslar, kashtachilik va boshqa xalq amaliy san’ati namunalari namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkiya davlatlarining madaniyat va san’at vakillari o‘z san’atlarini namoyish etishdi. O‘zbekistondan "Xalqlar do‘stligi" ansambli ijro etgan milliy o‘zbek raqslar, kuy va qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Rigada tashkil etilgan Navro‘z bayrami Latviya jamoatchiligiga turkiy davlatlar madaniyati va milliy an’analari bilan yaqindan tanishish uchun imkoniyat yaratdi.