O‘zbekiston va Ozarbayjon maqom san’ati vakillari o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2025-03-18 13:00:00 / Yangiliklar

O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Bosh direktori Avazbek Shomurodov hamda Ozarbayjon Respublikasi Xalqaro mug‘om markazi direktori, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Sahib Pashazade o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalar va ijodiy almashinuv masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, mehmon Maqom markazi tarixiy ekspozitsiyasi bo‘limi muzey fondi bilan tanishtirildi.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil may oyida Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansamblining Ozarbayjonga gastrol safari davomida Ozarbayjon Respublikasi Xalqaro mug‘om markazi bilan hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Hamkorlik doirasida 19-mart kuni soat 11:00da Yunus Rajabiy nomidagi O‘zMMSIda Zabit Nabizade, Hayyam Mamedov va Sahib Pashazade ishtirokida konsert dasturlari rejalashtirilgan.
Ma'lumot uchun, Ozarbayjon Respublikasi Xalqaro mug‘om markazi direktori, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan artist Sahib Pashazade 2024-tilda bo'lib o'tgan Sharq taronalari XIII xalqaro musiqa festivali doirasida o'tkazilgan tanlovda hakamlik qilgandi. Shuningdek, u 2017-yilda o'tkazilgan "Sharq taronalari" XI xalqaro musiqa festivalida Gran pri sohibi bo'lgan edi.