Madaniyat vazirligi “ENG YAXSHI PYESALAR” tanlovini e’lon qiladi
2025-03-05 16:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbiri to‘g‘risida” 2024-yil 22-noyabrdagi PQ–399-son qarori ijrosi hamda “Atrof-muhitni asrash va “Yashil iqtisodiyot” yili munosabati bilan tarixiy va zamonaviy mavzudagi eng yaxshi pyesalar tanlovi bo‘lib o‘tadi.
Tanlovga asarlar 2025-yilning 5-martidan 15-may sanasiga qadar belgilangan tartibda, ariza orqali Madaniyat vazirligining Milliy tanlovlar platformasi (https://milliytanlov.uz) hamda @pyesalar_tanlov_bot telegram botida elektron shaklda qabul qilinadi.
Tarixiy va zamonaviy mavzudagi asarlar quyidagi mezonlarga muvofiq bo‘lishi lozim:
g‘oyaviy-badiiy jihatdan milliy va umuminsoniy tamoyillarga asoslanishi;
tanlangan mavzu dolzarb va jamiyat hayoti uchun ahamiyatli bo‘lishi;
sahna va dramaturgiya talablariga javob berishi;
muqaddam sahnalashtirilmagan, original asar bo‘lishi zarur.
Tarixiy va zamonaviy mavzulardagi asarlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha qabul qilinadi:
dramatik;
musiqali;
qo‘g‘irchoq;
Bunda:
Vatanimiz tarixida ulkan iz qoldirgan tarixiy voqealar, shaxslar, ulug‘ allomalar, sarkardalar va ijodkorlar siymosi hamda hayot yo‘li yoritilgan asarlar;
aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi dolzarb mavzudagi g‘oyaviy-badiiy yetuk sahna asarlari;
ijtimoiy tarmoqlarning kundalik hayotdagi roli hamda virtuallashayotgan munosabatlarni yorituvchi asarlar;
inson qadrini ulug‘lash, mahallalardagi farovon turmush, namunali oilalar, ibratli ayollar faoliyati aks etgan asarlar;
favqulodda holatlarda insoniylik jasorati va fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan qahramonlar;
zamondosh qahramonlar obrazlari – olimlar, harbiy xizmatchilar, ichki ishlar xodimlari, san’atkorlar, shifokorlar, o‘qituvchilar, haydovchilar, quruvchilar, yosh ixtirochilar va boshqa kasb egalari faoliyati;
saxovatpesha tadbirkorlar, fermerlar, dehqonlar faoliyati;
diniy ekstremizm, odam savdosi, migratsiya, OITSning salbiy oqibatlari;
bugungi kun muammolari va yutuqlari, jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar, davrimizning ilg‘or ayollari hayoti aks etgan, millatlararo bag‘rikenglik, vatanparvarlik, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuyg‘ulari, insonparvarlik g‘oyalarini o‘zida mujassam etib, yoshlarga ibrat bo‘ladigan mavzular yoritilishi lozim.
Tanlovga asarlar ariza orqali quyidagi tartibda qabul qilinadi:
taqdim etiladigan asarlar o‘zbek tilida, word A-4 formatda, 1,5 interval, Times New Roman 14 shriftda bo‘lishi (grammatik va orfografik xatolari bor asarlar qabul qilinmaydi) hamda dramatik va musiqali asarlar hajmi 30 sahifadan, qo‘g‘irchoq pyesalar hajmi esa 12 sahifadan kam bo‘lmasligi zarur.
Asar belgilangan tartibda yuborilmasa, murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi.
Tanlovda yoshidan qat’i nazar, barcha ijodkorlar dolzarb mavzudagi dramatik, musiqali va qo‘g‘irchoq pyesalari bilan ishtirok etishi mumkin.
Arizalar qabul qilish muddati tugaganidan so‘ng tanlovga kelib tushgan pyesalar Baholash komissiyasi tomonidan 15 ish kunidan kechiktirmasdan ko‘rib chiqiladi va tanlov natijalari vazirlikning veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ma’lum qilinadi.
Tanlovda g‘olib deb topilgan asarlar belgilangan tartibda pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi va respublika teatrlariga sahnalashtirish uchun tavsiya etiladi.