Davlatlar o‘rtasidagi xalqaro aloqalar teatr san’ati orqali mustahkamlanmoqda
2025-02-27 12:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Samarqand viloyati musiqali drama teatri va Janubiy Koreyaning “Beyond Enterprise OU” drama teatri o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Memorandumi imzolanishi doirasida ikki davlatning madaniy aloqalarini rivojlantirish, teatrlar o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, dramaturglar, rejissyorlar, rassomlar, aktyorlarning tajriba almashishi, yuqori saviyali milliy va chet el sahna asarlarini hamkorlikda yaratish, shuningdek taniqli ijodkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish, xalqaro festivallarda ishtirok etish, gastrol safarlarini tashkil etish bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan istiqbolli rejalar haqida o‘zaro kelishib olindi.
Shuningdek, Samarqand viloyati musiqali drama teatri direktori Botir Tugalov va Janubiy Koreya davlatining poytaxti Seul shahridagi “Beyond Enterprise OU” drama teatri direktori Choi Il Hwalar o‘rtasidagi uchrashuv davomida kelgusida hamkorlikda ikki davlatning buyuk sarkardalari, xalq qahramonlari haqida spektakl sahnalashtirish haqida kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunga qadar Samarqand viloyati musiqali drama teatri Belarus Respublikasi Bobruysk shahridagi V.I.Dunina Marsinkevicha nomli Mogilyov viloyati drama va komediya teatri, Rossiyaning Novosibirsk musiqali komediya teatri, Tojikiston Respublikasining Abulqosim Lohutiy nomidagi Davlat Akademik drama teatri va Qozog‘iston Respublikasidagi Jastar teatri bilan hamkorlik memorandumlarini imzolagan.