Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiydan taralgan mangu navolar” nomli jonli ijrodagi teatrlashtirilgan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi
2025-02-11 13:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari saroyida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodiy jamoasi tomonidan Buyuk shoir va mutafakkir, davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiydan taralgan mangu navolar” nomli jonli ijrodagi teatrlashtirilgan konsert dasturi tashkil etildi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konsert dasturida institut professor-o‘qituvchilari va iste’dodli talaba-yoshlari tomonidan Alisher Navoiy g‘azallari kuyga solinib, mahorat bilan ijro etildi. Shuningdek, sahna ko‘rinishlarida shoirning hayoti hamda asarlaridan parchalar namoyish etildi. Bundan tashqari, dasturdan sevgi-muhabbat va vatanparvarlik ruhidagi kuy va qo‘shiqlar hamda she’rlar ham o‘rin oldi.
Konsertda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov Alisher Navoiy o‘zbek adabiyotining eng buyuk shaxslaridan biri ekanligini, uning ijodi nafaqat adabiyot, balki san’at va madaniyatining ham rivojida beqiyos ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi hamda konsertning eng muhim jihati uning ustoz-shogird an’analari asosida tashkil etilgani, sahnada san’at darg‘alari va yosh iste’dod egalari bir sahnada turib kuy-qo‘shiq va g‘azallar ijro etgani, bu esa talabalarning kelgusi ijodida muhim qadam bo‘lishini qayd etib, konsert tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdi.
Barchaga ma’lumki, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti aktyorlik, rejissyorlik, kinoteleoperatorlik, san’atshunoslik, folklor ijrochiligi, milliy qo‘shiqchilik, xalq cholg‘ulari ijrochiligi, madaniyatshunoslik, kutubxonashunoslik hamda madaniyat va san’at menejmenti ta’lim yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlovchi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan hisoblanadi.