Tilda, fikrda, ishda birlik
2024-12-25 09:15:00 / Yangiliklar
Madaniyat vazirligida “Bugungi globallashuv davrida mafkuraviy tahdidlar va davlat fuqarolik xizmatchilari zimmasidagi masʼuliyat” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi.
Vazir maslahatchisi Shavkat Ortiqov olib borgan tadbirda O‘zbekiston xalq shoiri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni hamda “Shuhrat” medali sohibi, “Jadid” gazetasining bosh muharriri Iqbol Mirzo, filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karimov ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda dunyoda turli tahdidlar, ziddiyatlar sezilarli darajada ortib, inson qalbi va yosh avlod ongiga salbiy taʼsir ko‘rsatishga, o‘zga g‘oyalarni singdirishga bo‘lgan urinishlar tobora kuchayib bormoqda. Mana shunday murakkab sharoitda sog‘lom fikrli, maʼnaviy immuniteti mustahkam jamiyat o‘z anʼanalarini asrab-avaylashga, navqiron avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratadi.
Binobarin, mamlakatimizda ayni shu maqsadlarni ko‘zlab taʼlim-tarbiyani rivojlantirish, milliy anʼana va qadriyatlarimizni saqlash, uni jahon miqyosida keng tarannum etishga katta ahamiyat berilmoqda. Mana shu jarayonda ijodkor ziyolilar, jumladan, madaniyat sohasi vakillarining o‘rni juda muhim.
Muloqotda tariximizdan misollar keltirildi. O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo taʼkidlaganidek, “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu g‘oya bilan istiqlol yo‘lida kurashgan jadid bobolarimiz xalqni g‘aflatdan uyg‘otish, jaholat va qoloqlikdan olib chiqishning asosiy yo‘li – bilim va maʼrifatda, dunyoviy taraqqiyotni egallashda, deb bilganlar.
Shu bois yangi usul maktablari, teatr va kutubxonalar, nashriyotlar ochganlar, jamiyat aʼzolarining dunyoqarashi va turmush tarzini o‘zgartirish maqsadida gazeta va jurnallar nashr etganlar. Qolaversa, yoshlarni ilg‘or davlatlarga o‘qishga yuborganlar. Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanadigan adolatli, erkin va obod jamiyat, xalqparvar davlat, farovon hayot barpo etishga qaratilgan islohotlar jadid bobolarimizning ezgu g‘oya va dasturlariga har jihatdan uyg‘un va hamohang ekanligiga urg‘u berdi.
Аdabiyotshunos olim Bahodir Karimov jadidchilik harakati xususida kengroq to‘xtaldi. Davlatimiz rahbarining alohida eʼtibori va qo‘llab-quvvatlashlari bilan “Jadid” gazetasi tashkil etilgani muhim voqea bo‘lganini, nashrda maʼrifatparvar bobolarimizning hayot yo‘li bilan birga, zamondoshlarimizning ibratli ishlari keng yoritib borilayotgani o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otayotganini qayd etdi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo mashhur “Jadidlar” sheʼrini o‘qib berdi. O‘zbekiston davlat drama teatrining aktyorlari tomonidan “Turkiston bolalari” spektaklidan parcha namoyish etildi.