Vazir Ozodbek Nazarbekovning "Madaniyat rivoji – milliy o‘ziga xoslikni saqlashning asosiy vositasi" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi
2024-12-19 15:00:00 / Yangiliklar
O'monning "ASDAAOMAN" internet nashrida "Madaniyat rivoji – milliy o‘ziga xoslikni saqlashning asosiy vositasi" sarlavhali maqola e'lon qilindi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov qalamiga mansub mazkur maqolada "Madaniyat rivoji – milliy o‘ziga xoslikni saqlashning asosiy vositasi" mavzusi batafsil tahlil qilingan. Quyida maqolani o‘zbek tilida o‘qishingiz mumkin.
Madaniyat va san’at – bu sivilizatsiya, milliy o‘ziga xoslik va ma’naviy kamolotning asosi, shuningdek, har bir davlat taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichidir. Xalqning ma’naviy yuksalishi, o‘tmishi, buguni va kelajagini aks ettiruvchi ushbu sohalarning rivoji zamon talablari asosida yondashuvni talab qiladi. Shu bois O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar chuqur mazmun kasb etib, yangi bosqichga o‘tmoqda.
Davlatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zlari hozirgi jarayonlarning asosiy tamoyiliga aylangan: “Bugungi tashvishli davrda asl va insonparvarlik qadriyatlarini saqlash tobora qiyinlashib bormoqda. Bunday murakkab vaziyatda muqaddas ildizlardan quvvat olgan, insonparvarlik g‘oyalarini ulug‘lovchi haqiqiy san’at, musiqa va adabiyot hayotni tasdiqlovchi kuch sifatida maydonga chiqib, odamlar qalbiga tinchlik va yaxshilik olib kirishi, vaqt va makon chegaralarini yengib o‘tishi kerak.”
Milliy san’atni asrash, uning go‘zalligi orqali yosh avlodni tarbiyalash va madaniyatni jamiyat hayotining ajralmas qismi sifatida mustahkamlash mamlakatimiz rivojlanishining muhim elementlari sifatida qaralmoqda.
Madaniyat va san’at sohasidagi ta’limni rivojlantirish nafaqat professional kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirishda, balki jamiyatning ma’naviy uyg‘unligini ta’minlashda ham muhim ahamiyatga ega. Yoshlarni milliy va jahon madaniyati yutuqlari bilan tanishtirish, ularda o‘z tarixi va san’atiga hurmat hissini shakllantirish uchun zamonaviy va innovatsion o‘qitish usullari joriy etilmoqda. Kredit-modul tizimidan foydalanish, xalqaro standartlarga mos dasturlarni amalga oshirish, sohaga oid mutaxassislarning xorijiy tajriba bilan boyitilishi bugungi kunning dolzarb vazifalaridir.
Ajdodlarimiz tomonidan qoldirilgan boy madaniy merosni asrab-avaylash va zamonaviy texnologiyalar yordamida uni yangi avlodlarga yetkazish milliy o‘ziga xoslikni saqlash hamda uni dunyoga namoyish etishda muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazardan, madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish, ularni ilmiy o‘rganishni kengaytirish va ommalashtirish xalqaro hamkorlikning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda.
O‘zbekistondagi milliy san’at maktablari va “Ustoz-shogird” an’anasi milliy va zamonaviy madaniyat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlashda alohida o‘rin tutadi. Mamlakatimiz san’ati yorqin kelajagini ta’minlash uchun yosh iste’dodlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Madaniyat va san’at rivoji jamiyat hayotining barcha jabhalarida o‘z aksini topmoqda. Bu yo‘nalishdagi har bir qadam xalqimizning ma’naviy o‘sishi, milliy qadriyatlarni hurmat qilish va Yangi O‘zbekistonni dunyoga tanitishga intilishdir.
Globallashuv jarayonlarida dunyo xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari va qadriyatlari yaqinlashib borayotgan bir paytda, milliy o‘ziga xoslikni saqlab qolish uchun kurash ham kuchaymoqda. Bunday sharoitda madaniyat xalqlarning o‘ziga xosligini namoyish qilishga imkon beruvchi kuchli vositaga aylanadi.
Globallashuv sharoitida milliy madaniyatlar, bir tomondan, o‘ziga xos jozibasi bilan dunyo maydonida yangi imkoniyatlarni ochmoqda, boshqa tomondan esa zamonaviylik bosimi ostida o‘zini saqlab qolish zaruratiga duch kelmoqda.
Madaniyat – bu nafaqat bir xalqning ma’naviy qiyofasi, balki butun jahon hamjamiyatiga hadya etilishi mumkin bo‘lgan boylikdir. Shu sababli, ushbu jarayonda milliy madaniyatni saqlash va rivojlantirish, uni xalqaro maydonda targ‘ib qilish hamda zamonaviy texnologiyalar yordamida ommalashtirish alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ajdodlar merosiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish va uni zamonaviy g‘oyalar bilan uyg‘unlashtirish nafaqat zarurat, balki oliy maqsaddir. Ushbu jarayonning ijobiy tomonlaridan foydalangan holda, o‘zbek madaniyatining o‘ziga xos tomonlarini jahon maydonida namoyish etish millat taraqqiyotining muhim mezoniga aylanadi.
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri