#Xalqaro_hamkorlik. Qirg‘iz Respublikasining To‘qto‘g‘il Aziboyev nomidagi Oloy musiqali drama teatri jamoasi gastrol safari bilan Farg‘ona viloyatida bo‘ldi
2024-12-11 19:00:00 / Yangiliklar
Ayni kunlarda Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Chingiz Aytmatov tavallud kunini munosib nishonlash maqsadida, Turksoy tashkiloti tashabbusi bilan Qirg‘iz Respublikasining To‘qto‘g‘il Aziboyev nomidagi Oloy musiqali drama teatri jamoasi gastrol safari bilan yurtimizda bo‘lib turibdi.
Kuni kecha Farg‘ona viloyati musiqali drama teatrida “Moviy qirg‘og‘im” spektakli o‘zbek tomoshabinlariga taqdim etildi. Spektakl tomoshasiga madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov ishtirok etib, qirg‘iz aktyorlarini spektakl namoyishlari yuqori saviyada tashkil etilib, o‘zbek tomoshabinlariga katta taassurot uyg‘otganligini hamda spektaklda har bir aktyor mahorat bilan o‘z obrazlari orqali tomoshabin mehrini qozonganligini ta’kidladi.
Shuningdek, spektakl yakunida vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov Qirg‘iz Respublikasining To‘qto‘g‘il Aziboyev nomidagi Oloy musiqali drama teatri jamoasi vakillariga esdalik sovg‘alarini taqdim etdi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 12-dekabr kuni poytaxtdagi O‘zbekiston davlat drama teatrida Qirg‘iz Respublikasining To‘qto‘g‘il Aziboyev nomidagi Oloy musiqali drama teatri jamoasi tomonidan Chingiz Aytmatov qalamiga mansub “Sohil yoqalab chopayotgan olapar” spektakli premyera qilinadi.