Vazirlik Matbuot xizmati ijodiy hamkorlik yuzasidan bir qator telekanallar rahbariyati bilan muloqot qildi
2024-12-03 16:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 3-dekabr kuni Madaniyat vazirligida bir qator telekanallarning rahbariyati hamda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari — vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sirojiddin O‘sarov o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlar doirasida 2025-yilda hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar muhokama etildi. Xususan, axborot maydonini bugungi kun talabi va xalqimiz ehtiyojiga mos milliy kontent bilan to‘ldirish, vatanparvarlik, milliy o‘zlikni anglash, buyuk ajdodlarning boy merosini tarannum etuvchi media mahsulotlarini yaratish, dunyo axborot makonida milliy manfaat va maqsadlarimizni dadil olg‘a surish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Shuningdek, uchrashuvda milliy kontent yaratish bo‘yicha muammolar ularga yechim topish yo‘llari batafsil muhokama qilinib, bugungi globallashuv jarayonida butun dunyoga shiddat bilan o‘z hukmini o‘tkazishga urinayotgan ommaviy madaniyatning millatimiz qadriyatlari, ma’naviyati, urf-odatlari, an’analari, tarixiga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmasligi choralarini ko‘rish maqsadida, milliy kontentlarni yaratish, keng ommaga targ‘ib etish lozimligi ta’kidlandi.