PRESS-RELIZ: Rossiya Federatsiyasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tganligi haqida
2024-11-20 20:00:00 / Press-relizlar
18-20-noyabr kunlari Rossiya Federatsiyasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston — Rossiya munosabatlarining so‘nggi yillarida mamlakatlarimiz hamkorlikning ko‘plab sohalarida ijobiy natijalarga erishmoqda.
Xususan, ikki davlatning madaniy-gumanitar sohadagi hamkorligini mustahkamlash alohida e’tiborga loyiq. Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida 1993-yil 19-martdagi Madaniyat, fan va texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, axborot, sport va turizm sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi imzolangan Bitim o‘zbek va rus tomonlarining madaniy hamkorligining huquqiy asosini tashkil etib kelmoqda. O‘tgan yillar mobaynida ikki tomonlama aloqalar hozirgi kunga qadar turli darajada rivojlanib kelmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkam maqsadida, Rossiya Federatsiyasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazildi.
Unda turli madaniy tadbirlar o‘tkazildi, xususan, 18-noyabr kuni Rossiya Federatsiyasining Madaniyat vazirligi binosida Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova va O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov raisligida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning Madaniyat bo‘yicha qo‘yi qo‘mitasining IV yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar madaniyat sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, kinematografiya bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratdi. Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, tajriba almashish va madaniy tadbirlarni tashkil qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, yangi madaniy tashabbuslarni amalga oshirish va hamkorlik ufqlarini kengaytirishga yordam beruvchi kino va san’at sohasida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi qayd etildi.
– Uchinchi yig‘ilish 2023-yilning may oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan edi. Bu vaqt davomida har ikki mamlakat uchun ham muhim bo‘lgan bir nechta loyihalar amalga oshirildi. Birgalikda kino ishlab chiqarish sohasida hamkorlik shartnomalarining imzolanishi asosiy voqealardan biri bo‘ldi. Bu bizning kino ijodkorlarimiz uchun muhim, chunki endilikda ularda milliy filmlarni xalqaro maydonlarda namoyish etish imkoniyati mavjud. Bundan tashqari, biz xalqaro festivallar, kino ta’limi bo‘yicha tajriba almashish kabi hamkorlikning yangi formatlarini rivojlantirish masalalarini ham ko‘rib chiqyapmiz. Ishonchim komilki, bunday tashabbuslar nafaqat mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, balki, kino ishlab chiqarish sifatini yaxshilashga ham xizmat qiladi. Shuningdek, bu xalqaro loyihalar bo‘yicha ishlaydigan va boshqa mamlakatlardagi hamkasblari bilan tajriba almashish istagida bo‘lgan yosh iste’dodlar uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi, - deydi Olga Lyubimova.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar faol rivojlanmoqda. Amalga oshirilgan va salmoqli natijalarni bergan loyihalar bo‘yicha ijobiy fikrdaman va ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Rossiya tomoniga alohida minnatdorchiligimni bildiraman. Qo‘shimcha sifatida san’at sohasidagi hamkorligimizni yanada kengaytirish masalasini ko‘rib chiqishni taklif etmoqchiman, bu xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Talabalar uchun tajriba va bilim almashish bo‘yicha ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, nafaqat kinematografiyani rivojlantirish, balki, har bir mamlakat madaniyati va an’analarini yaxshiroq tushunish, namoyish etish maqsadlarida birgalikda hujjatli filmlarni suratga olish foydali bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu sa’y-harakatlar hamkorligimizni yanada mustahkamlab, hamkorlikdagi ishlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, - dedi Ozodbek Nazarbekov.
Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning Madaniyat bo‘yicha qo‘yi qo‘mitaning IV yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.
Shuningdek, 18-noyabr kuni Rossiya Federatsiyasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” arafasida ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik, ittifoqchilik munosabatlarini rivojlantirish, xalqlarimizning an’anaviy do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari, o‘zining yorqin va betakror iste’dodi, xususan, kino va teatr yo‘nalishidagi sermahsul ijodiy faoliyati bilan madaniyat va san’at sohalarida hamkorlikni kengaytirish, ma’naviy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va boyitishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Rossiya Federatsiyasi Vladimir Putinning tegishli Farmonlariga ko‘ra, rossiyalik artistlar Sergey Bezrukov hamda Andris Liyepa va o‘zbekistonlik san’atkorlar Farrux Zokirov hamda Sevara Nazarxonlar ikki davlatning "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlanishdi.
19-noyabr kuni Moskva shahridagi Kreml davlat saroyida “Vecher zvyozd Uzbekistana” nomli o‘zbek san’ati ustalari ishtirokida konsert dasturi hamda fotoko‘rgazma tashkil etildi.
Unda, O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Farrux Zokirov, Zulayxo Boyxonova, Ramiz Usmonov, Gulsanam Mamazoitova, Oygul Nodirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova va Ilyos Arabov, O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri hamda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli ishtirok etdi.
Tadbirda yuqori martabali rasmiy, Rossiya va O‘zbekistonning madaniy va ishbilarmonlik doiralari vakillari, diplomatlar va san’at namoyondalari ishtirok etdi.
Konsert dasturidan O‘zbekiston san’at ustalarining chiqishlari o‘rin oldi.
Jumladan,
“O‘zbekiston ona diyorim!” (O‘zbekiston xalq artisti Kamoliddin O‘rinboyev boshchiligidagi O‘zbekiston davlat simfonik orkestri);
“Kel ey dunyo” (“Artist” musiqiy teleloyihasi g‘oliblari: Behruz Yunusov, Akmalxo‘ja Xolxo‘jayev, Ulug‘bek Shomurodov, Elyorbek Meliboyev);
“Podmoskovniye vechera” (Xalqaro tanlovlar laureatlari Sabina Xamdamova, Akkol Meldebekov);
“Yor istab, Mustahzod” (O‘zbekiston xalq artisti Zulayxo Boyxonova, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli);
“Pesenka Gersoga” Djuzeppe Verdining “Rigoletto” operasidan (O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov);
“Yolg‘iz”, “Shahloga tushding” (Xalqaro tanlovlar laureatlari Xushnud Solijonov, Abdulaziz Muxtorov);
“Travushka-muravushka” (Xalqaro tanlovlar laureate Yasmin Omar Mun);
“Mavrigi” (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabov, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli);
“Muzikalnaya chayxana”, “Omon yor” (O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov);
“Qaldirg‘och”, “Oyning o‘n beshi”, “Kelgin gulim”, “Aylanay”
(O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli);
“Katta o‘yin” (Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli);
“Kukushka” (Golos. Deti (Moskva, 1-kanal) loyihasi g‘olibi Sabina Mustayeva);
“Dem bermes” (O‘zbekiston xalq artisti Oygul Nodirova, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli);
“Ajab-ajab” (O‘zbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli);
“Ko‘k jiguli” (O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ozoda Nursaidova Gulsanam Mamazoitova, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli);
“Majnuntol”, “Xafa bo‘laman”, “Atirgulim”, “Andijoncha”, “Mendirman o‘sha” (O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov, Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli) kabi qo‘shiqlar kuylandi.
Mazkur madaniy dastur rossiyalik tomoshabinlarga o‘zbek san’atining betakror jozibasini his qilish va uning jahon madaniyatidagi ahamiyatini anglash imkonini berdi.
Madaniy tadbir doirasida O‘zbekistondagi muhim voqealar, me’moriy obidalar va zamonaviy o‘zgarishlarga bag‘ishlangan 80 dan ortiq noyob fotosuratlar taqdim etilgan fotoko‘rgazma tashkil etildi.
Rossiyadagi O‘zbekiston madaniyati kunlari ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro hamjihatlik va madaniy hamkorlik ramziga aylanadi.