Vazirlikda Turkiya Respublikasidagi Xorijiy turkiylar va diaspora jamiyatlari idorasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-11-20 17:35:00 / Yangiliklar
Bugun, 20-noyabr kuni O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Yusufjon Usmonov hamda Turkiya Respublikasidagi Xorijiy turkiylar va diaspora jamiyatlari idorasi raisi Abdullah Eren o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida, yurtimiz tarixida turk qardoshlar bilan yaqin aloqalar o‘rnatilganligi va oxirgi yillarda ham madaniyat sohasida ko‘plab ishlar amalga oshirilganligi hamda bugungi kunda respublikamizda 50 mingdan ziyod turk millati vakillari istiqomat qilayotganligi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda 2003-yilda “O‘zbekiston-Turkiya” do‘stlik jamiyati tashkil etilgan bo‘lib, “Xalq diplomatiyasi” orqali o‘zaro do‘stlik, tomonlarning teng hamkorligini rivojlantirish, madaniy-ma’rifiy rishtalarni tashkil etish va mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy, madaniy, ma’naviy taraqqiyot masalalari bo‘yicha doimiy ravishda ko‘maklashib kelayotganligi qayd etildi.
Uchrashuv jarayonida Abdulla Eren jamiyat idorasi tashabbusi bilan 178 ta davlatdan talabalar Turkiyaga kelib bakalavr, magistratura bosqichlarida ta’lim olayotganligini bildirdi.
2024-yilda 200 dan ortiq O‘zbekistonlik talabalarni Turkiyaga taklif qilinganligini, shundan 140 nafar talabalar Turkiya universitetlarida ta’lim granti loyihasi asosida tahsil olayotganligini ma’lum qildi.
Shuningdek, Turkiya Respublikasidagi Xorijiy turkiylar va diaspora jamiyatlari idorasi tomonidan 2025-yilda yangi loyihaga start berilishi kutilayotganligi hamda ushbu loyihada turli davlat vazirliklaridan mutaxassislar o‘zlarining faoliyatiga oid Turkiyadagi vazirliklarning ishlash tizimini o‘rganishlari va til o‘rganish bo‘yicha 3 oylik malaka olishi mumkinligi rejalashtirilayotganligini aytib o‘tildi.
Uchrashuv davomida, O‘zbekiston noyob tarixiy madaniy meros ob’ektlariga boy mamlakat ekanligini hisobga olib, madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, saqlash va restavratsiya qilish sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha alohida grant ajratish masalasida Turkiya tomonidan yordam ko‘rsatilishi mumkinligi taklif qilindi.
Yusufjon Usmonov idoraning faoliyati to‘g‘risida ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lganligini mamnuniyat bilan ta’kidlab, bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlashi, ayniqsa madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish, ta’mirlash sohasida mutaxassislarga ehtiyoj yuqoriligi sabab ushbu sohada kadrlar tayyorlash bo‘yicha Turkiya tomoni taklifidan foydalanish ayni muddao bo‘lishini ta’kidladi.
Suhbat yakunida har ikki tomon o‘z esdalik sovg‘alarini taqdim etishdi.
Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: Turkiya Respublikasidagi Xorijiy turkiylar va diaspora jamiyatlari idorasi xorijda yashovchi turkiylar, qardosh jamiyatlari bilan birgalikda xorijda ta’lim olayotgan turk talabalariga hamda boshqa davlat talabalariga bakalavr, magistratura va doktorantura yo‘nalishlarida grantlar ajratish, loyihalarni nazorat qilish, bu boradagi xizmat va faoliyatlarni rivojlantirish hamda Turkiyada xorijdagi turk diasporasi bilan shug‘ullanuvchi eng yirik tashkilot hisoblanadi.