Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida Hukumatlararo komissiyaning madaniyat sohasidagi quyi qoʻmitasining ilk majlisi bo‘lib o‘tdi
2024-11-11 19:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 11-noyabr kuni Samarqand shahrida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida Hukumatlararo komissiyaning madaniyat sohasidagi quyi qoʻmitasining ilk majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda, kino, Teatr va sirk, ijodiy va amaliy san’at, madaniy meros va muzeyshunoslik, madaniy taraqqiyotni ilgari surish uchun zamonaviy texnologiyalarni, shu jumladan AIni integratsiyalash sohasida hamkorlik, ijodiy sanoat sohasida, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birining madaniyat sohasida taklif etilayotgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bilan bog‘liq tajriba almashish bo‘yicha hamkorlik kabi masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov boshchiligidagi delegatsiya hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Batuhan Mumcu boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etishib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan muhokama va kelishuvlar bo‘lib o‘tdi.
“Turkiya va O‘zbekiston madaniyat vazirliklari o‘rtasidagi Madaniyat sohasida Qo‘shma komissiyaning tashkil etilishi va uning ilk yig‘ilishini o‘tkazayotganligimizni alohida ta’kidlab o‘tishim lozim. Ushbu qo‘shma komissiya madaniyatning barcha sohalaridagi aloqalarimizni yanada chuqurlashtirishni va kelajakdagi hamkorliklar uchun mustahkam platforma yaratishni maqsad qilgan. Mazkur qo‘shma komissiya bizning strategik hamkorligimizni yanada mustahkamlashda va yangi imkoniyatlarni ochishda muhim rol o‘ynaydi” – dedi Murodjon Majidov.
Yig‘ilish yakunida ikki davlatning madaniyat sohasidagi Qo‘shma komissiya ahdlashuv bayoni imzolanib, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat sohasida 2-qo‘shma komissiyaning o‘tkaziladigan joyi va sanasi muhokama etildi.
Ma’lumot o‘rnida, 2018-yil Turkiya Respublikasi Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida Bitim madaniyat va san’at sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning huquqiy asosi hisoblanib, so‘nggi yillarda mobaynida ushbu sohadagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib bormoqda.
So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va xalqlarimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan do‘stlik va hamkorligimiz tarixida mutlaqo yangi sahifa ochildi. Doimiy ravishda tashkil etilayotgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining yig‘ilishi bu yo‘ldagi yangi amaliy qadamdir.
Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar bizning tariximiz kabi mushtarak ildizlar, an’analar va orzular bilan sug‘orilgan. Ushbu rishtalar o‘zaro hurmat, qadrlash va umumiy madaniy merosimizni himoya qilishga bo‘lgan qat’iy ishonchdan iboratdir.