Vengriyaning Budapesht shahrida O‘zbekiston san’ati konserti o‘tkaziladi
2024-11-08 17:00:00 / Yangiliklar
Keyingi yillarda davlatlarimiz rahbarlarining qat’iy intilishi va aniq maqsadga yo‘naltirilgan sa’y-harakatlari bilan O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Barcha sohada aloqalar sezilarli darajada faollashdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil oktyabr hamda 2023-yil avgust oylarida Vengriyaga, shuningdek, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning 2021-yil mart va 2022-yil noyabr oylarida O‘zbekistonga amalga oshirgan oliy darajadagi tashriflari, qolaversa, turli sammit va xalqaro anjumanlar doirasidagi uchrashuv hamda muloqotlari o‘zaro munosabatlarimizni mustahkamlashda muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ikki tomonlama madaniy hamkorlik rivojida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Vengriya Inson resurslari vazirligi o‘rtasida imzolangan madaniyat sohasida 2021 – 2026 - yillarga mo‘ljallangan dastur muhim o‘rin tutmoqda.
O‘z navbatida, bizning aloqalarimiz Turkiy davlatlar tashkiloti, TURKSOY, YUNESKO kabi xalqaro tashkilotlar doirasida ham izchil ravnaq topib bormoqda.
Xususan, Vengriya vakillarining 2021-yil 14 – 16 - sentyabr kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro forumida, 2022-hamda 2024-yillarda “Lazgi” xalqaro raqs san’ati festivalida, 2023- yil Guliston shahri mezbonlik qilgan uchinchi Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida, joriy yil iyun oyida Zomin tumanida tashkil etilgan Xalqaro maqom san’ati festivalida hamda Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida faol qatnashdilar.
Ayni kunlarda xuddi shunday madaniy aloqalarni davom ettirish maqsadida, Vengriyaning “O-Ti-Pi Group” (OTP Group) kompaniyasi tomonidan Vengriyaning Budapesht shahrida O‘zbekiston san’ati konserti o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu konsert dasturini yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida 40 nafardan ortiq o‘zbekistonlik san’at va madaniyat vakillari tayyorgarlik jarayonlarini olib borishmoqda.
Konsert dasturini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida, Oʻzbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov boshchiligida O‘zbek milliy maqom san’ati markazining maqom ustalari hamda "Tumor" raqs ansamblining raqqosalari ishtirok etishmoqda.
O‘zbekiston san’ati konserti dasturida: “Istiqlol”, “Dildor”, “Shodiyona”, “Tumor”, “ Hayronaman” kuylari, “Piyola” qo‘shig‘i hamda “Tumor” raqs ansamblining milliy raqslari kabilaro‘rin olgan.
Bizni kuzatishda davom eting, Vengriyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan O‘zbekiston san’ati konserti tafsilotlarini yoritib boramiz.