Poytaxtda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
2024-11-06 18:50:00 / Yangiliklar

Bugun, 6-noyabr kuni poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan tantanali adabiy-ma’rifiy xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Unda taniqli davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus vakillari, mehmonlar, yozuvchi-shoirlar, madaniyat va san’at namoyandalari, talaba va o‘quvchilar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari to‘plandi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid, Turkmanistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, taniqli shoir va tarjimon Mirzo Kenjabek, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev so‘zga chiqib, Maxtumquli she’riyatining ahamiyati va kerakliligi haqida gapirdi.
“Aytish joizki, Maxtumquli buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy ijodini ham yuksak qadrlagan.
Bugun Toshkent shahri va hududlarimizdagi o‘nlab ko‘cha va xiyobonlar Maxtumquli nomi bilan ataladi. Toshkent va Xiva shaharlarida bu ulug‘ siymo xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik majmualari bunyod etilgan.
Yurtimizda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash bo‘yicha Prezidentimizning alohida qarorlari qabul qilindi.
Ushbu sanaga bag‘ishlab deyarli har kuni adabiy kechalar, tanlovlar, ilmiy anjuman va seminarlar o‘tkazilmoqda. Teatrlarimizda shoir haqida spektakllar qo‘yilmoqda.
Shuningdek, o‘zbek va turkman kino ustalari hamkorligida “Maxtumquli Firog‘iy” nomli badiiy film ishlandi.
Kelgusi haftada, ya’ni 13 – 15 - noyabr kunlari Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadigan turkiy dunyo davlatlarining IV xalqaro kinofestivali doirasida ushbu filmning ilk taqdimotini o‘tkazish rejalashtirilgan”, - dedi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.
O‘zbek va turkman millatiga mansub talabalar Maxtumquli Firog‘iyning do‘stlik va birodarlik fazilatlari ulug‘langan she’rlaridan namunalar o‘qidi. Maxtumquli Firog‘iy she’rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi namoyish etildi. Xorazm viloyati musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan Maxtumquli dramasidan sahna ko‘rinishi ijro qilindi.
Bu yil turkman xalqining faxri Maxtumquli Firog‘iy tavalludiga 300 yil to‘ldi. Alloma shoir butun dunyo ahlining, jumladan, o‘zbek xalqining ham eng sevimli shoiri sanaladi. Quvonarlisi shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 19-fevral kuni “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” qarorni imzoladi. Tadbirda mazkur qaror ijrosi va uning ma’naviy hayotimizdagi ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Mazkur qaror ijrosi yuzasida qator ishlar amalga oishirildi. TURKSOY xalqaro tashkiloti 2024-yilni “Maxtumquli yili” deb e’lon qildi. Mustaqillik yillarida Maxtumquli she’rlarining yangi tarjimalari paydo bo‘ldi.
Filologiya fanlari doktori, professor Bahodir Karim Maxtumqulining otasi, shoir Ozodiyning g‘azallarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, chop ettirgan. 2017-yil 19-mayda Toshkentda ulug‘ turkman shoiri Maxtumqulining haykal-barelyefi ochildi. Shu munosabat bilan haykal joylashgan ko‘chaga Maxtumquli nomi berildi. Maxtumquli haykal-barelyefi muallifi – yosh haykaltarosh Jasvand Annazarov.
2022-yilda chop etilgan “Turkiy adabiyot namunalari” 100 jildlik asarlar majmuasining 9 ta jildi turkman adabiyotiga ajratilgan bo‘lib, unda turkman mumtoz adabiyotidan to bugungi kunda ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarning asarlari o‘zbek tiliga tarjimada kiritilgan. Turkmaniston adabiyotiga ajratilgan jildlar Ozodiy g‘azallari bilan boshlanadi. Turkman mumtoz adabiyotidan Mullanafas, Maxtumquli, Andalib, Zaliliy, Kamina, Oshiqiy, XX asr adabiyotidan Xidir Deryayev, Berdi Kerboboyev, Qayum Tangriquliyev, Oraz Yag‘mur, Otajon Tog‘on romanlari kiritilgan.
2024-yil 3-may kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Maxtumquli Firog‘iy – o‘zbek va turkman xalqlarining umumiy merosi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Maxtumquli Firog‘iyning “Tanlangan asarlar”i hamda uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plami nashr etildi. Shuningdek, davlat buyurtmasi asosida O‘zbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida Maxtumquli Firog‘iyga bag‘ishlangan badiiy film suratga olindi.
2024-yil 11-oktyabr kuni Turkmanistonda Maxtumqulining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Zamon va sivilizatsiyalarning o‘zaro bog‘liqligi – tinchlik va taraqqiyot asosi” mavzusidagi xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Uning doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan medal bilan taqdirlandi. Davlatimiz rahbari Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga Maxtumqulining o‘zbek tilida nashr etilgan tanlangan asarlari to‘plamini sovg‘a qildi.