Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bitiruvchi talabalari bilan uchrashdi
2024-11-05 12:30:00 / Yangiliklar
Inson, uning har tomonlama uyg‘un kamol topishi va farovonligi, shaxs manfaatlarini ro‘yobga chiqarishning sharoitlarini va ta’sirchan mexanizmlarini yaratish, еskirgan tafakkur va ijtimoiy xulq-atvorning andozalarini o‘zgartirish respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi va harakatlantiruvchi kuchidir. Xalqning boy intellektual merosi va umumbashariy qadriyatlar asosida, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalarning yutuqlari asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish O‘zbekiston taraqqiyotining muhim shartidir.
Kuni kecha "Sohada inson resurslarini rivojlantirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar natijadorligi va istiqbolli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash" mavzusida vazir va bitiruvchi talaba yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi. Muloqotda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, vazirlik markaziy apparati tegishli boshqarma boshliqlari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori Nodirbek Sayfullayev hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bitiruvchi talabalari ishtirok etishdi.
Muloqot davomida, vazirlikning markaziy apparatiga amaliyotga jalb etilayotgan bitiruvchi talabalarning rejalari, takliflari bilan tanishildi hamda ularga, o‘z kelajagi poydevorini mustahkam boshlashlari uchun tavsiyalar berildi.
Muloqot ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismda sohada inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi. Ikkinchi qismda esa vazir yosh umidli talabalar bilan kelajakdagi rejalari va bugungi kunda yosh kadrlarni munosib tayyorlash hamda istiqbolli yoshlar zaxirasini shakllantirish yuzasidan suhbat olib bordi.
Vazir tashabbusi bilan boshlangan ushbu loyiha, keyinchalik bosqichma-bosqich vazirlik tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalarining talabalarini ham jalb etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, muloqot yakunida talaba yoshlar vazirlik tarkibiy bo‘linma rahbarlariga biriktirilib berildi va yoshlarni munosib kadr bo‘lib yetishishlarida vazirlik markaziy apparatidan biriktirilgan rahbar xodim shaxsan mas’ul ekanligi ta’kidlandi.
O‘quv yili yakuniga qadar amaliyot o‘tayotgan talabalar vazirlikda amaliyot o‘tashadi hamda tizim tashkilotlariga munosib lavozimlarga ishga tavsiya etiladi, shuningdek, ushbu yoshlar doimiy ravishda vazir bilan aloqada bo‘lib soha bo‘yicha ma’lumot almashinib, soha bo‘yicha joylarda islohotlar amalga oshirishda ko‘makchi vazifasini bajarishlari rejalashtirilgan.
Muloqot davomida madaniyat vaziri bitiruvchi talabalarning savollariga javob berdi. Shu bilan birga vazir talabalardan soha yuzasidan tahsil davomida olgan bilimlari haqida savollar bilan murojaat qildi.
Bu kabi muloqotlar davomiy bo‘lishligi ta’kidlandi. Talabalar esa kelgusida katta reja va takliflar bilan kelishlariga va’da berishdi.
Ma'lumot o'rnida, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining 25 nafar bitiruvchi talabalari vazirlikning markaziy apparatiga amaliyotga jalb etilmoqda.