Qashqadaryoda "Bolalar musiqa va san'at maktabi: bugun va ertaga" mavzusidagi Respublika seminari bo'lib o'tdi
2024-10-19 16:00:00 / Yangiliklar
Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan 18-oktyabr kuni, Qashqadaryo viloyati 10-son bolalar musiqa va san'at maktabida "Bolalar musiqa va san'at maktabi: bugun va ertaga" mavzusidagi Respublika seminari bo'lib o'tdi.
Seminardan ko'zlangan asosiy maqsad - madaniy ta'lim sohasida ustuvor yo'nalishlarni belgilash, samarali chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishdan iboratdir.
Ushbu seminarda madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tadjixanov hamda vazirlik mas'ullari, hududiy madaniyat boshqarmasi boshliqlari, boshqarma mutaxassislari, Bolalar musiqa va san'at maktablari direktorlari va ziyoli qatlam vakillari ishtirok etdi.
Seminarni Avazxon Tadjixanov kirish so'zi bilan ochib berdi, so'ng seminarga tashrif buyurgan ma'ruzachilar tomonidan “Bolalar musiqa va sanʼat maktablarida pedagogik faoliyati muammolari”, “Bolalar musiqa va san'at maktablarida darslarda o'quvchilarning intellektual rivojlanishi vositasi sifatida fanlararo aloqalar”, “Bolalar musiqa va sanʼat maktablarining professional taʼlim muassasalari bilan integratsiyasi: muammo va yechimlar”, “O‘quvchilarning ko‘rik tanlovlarda ishtirok etishining ta’lim jarayonidagi o‘rni”, “Bolalar musiqa va san’at maktablarida ta’lim sifatini oshirishda xalqaro hamkorlikni o‘rni” mavzularida ma'ruzalar qilindi.
Ma'ruzalar yakunlangach seminar ishtirokchilari uchun mahorat darslari o'tkazilib, tajriba almashildi.
Shuningdek, erta tongda kechga qadar davom etgan bu seminarda maktab faoliyati ko'zdan kechirilib iqtidorli o'quvchi yoshlar faoliyati bilan yaqindan tanishildi, so'ng bolalar musiqa va san'at maktabi o'quvchilari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Seminar so'nggida Kitob tumani 10-son bolalar musiqa va san'at maktabi direktorii Qahramon Mo'minovga sohadagi samarali faoliyati uchun Madaniyat vazirligining "Madaniyat va san'at fidokori" ko'krak nishoni hamda seminarda faol ishtirok etgan ishtirokchilarga sertifikatlar madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tadjixanov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Seminarning davomiy davom etishi uchun, navbatdagi manzil Andijon viloyatida bo'lib o'tishi belgilab olindi.