Turkiyada “Madaniyat yo‘li festivali 2024”ga Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri jamoasi ishtirok etmoqda
2024-10-02 16:40:00 / Yangiliklar
#Xalqaro_hamkorlik
Ayni kunlarda Turkiya davlatida “Madaniyat yo‘li festivali 2024” (Türkiye Kültür Yolu Festivali 2024) bo'lib o'tmoqda.
Ushbu festival doirasida O'zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov boshchiligidagi Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik katta teatri jamoasi ham mehmon sifatida ishtirok etib, 3-6-oktyabr kunlari o'z konsert dasturlarini Turkiyaning Istanbul hamda Bursa shaharlarida namoyish etishni rejalashtirgan.
Bugun, 2-oktyabr kuni Istanbulda O'zbekistonning Anqaradagi konsuli Oybek Razzoqov, O'zbekiston elchixonasi maslahatchisi Mashrab Mamirov, TURKSOY tashkiloti mas’ul xodimi Dilbahor Xudoyberdiyeva, O'zbekiston madaniyat vazirligi mas’ul xodimlari hamda Mustafa Kamol Otaturk Kultur Markazi rahbari Remzi Buharali o'rtasida ushbu konsert dasturini OAVlarda yoritish hamda tashkiliy masalalar yuzasidan hamkorlik uchrashuvi bo'lib o'tdi.
Ma’lumot o'rnida, 3-oktyabr kuni Istanbulning Mustafa Kamol Otaturk madaniyat markazida hamda 5-oktyabr kuni Bursa shahridagi Madaniyat markazida mashhur kompozitor, pianinochi va dirijyor Igor Stravinskiyning “Muqaddas bahor” baleti hamda Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston davlat akademik katta teatrining yetakchi opera va balet solistlari ishtirokida katta Gala-konsert namoyishi bo'lib o'tadi.
Eslatib o'tamiz, Prezidentning PQ–64-son qaroriga asosan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri 2022 — 2026-yillarga mo'ljallangan rejaga binoan xorijiy gastrol safarlarini tashkil etib kelmoqda.
2024-yilning I choragi davomida xuddi shu kabi gastrol safari Qirg'iz Respublikasida o'tkazilgan edi.