O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedovning Gruziyada “O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari”ning tantanali ochilish marosimidagi nutqi
2024-07-10 21:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Assalomu alaykum aziz xonimlar va janoblar,
Gamarjoba! (gruzin tilida)
Barchangizni muhtasham Jansug Kaxidze madaniyat saroyida tashkil etilayotgan “O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari"ning tantanali ochilish marosimida ko‘rib turganimdan xursandman.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Gruziya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalar qatori madaniyat va san’at sohasida ham tobora rivojlanib bormoqda.
Gruziya O‘zbekistonning Kavkaz mintaqasidagi eng yaqin hamkorlaridan biridir. Keyingi yillarda ikki tomonlama madaniy-gumanitar aloqalar sezilarli darajada kengaydi.
Ikki davlatning madaniyat sohasidagi hamkorligi turli madaniy tadbirlarda ikki tomon vakillari ishtirokida amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “Lazgi”, “Baxshi san’ati”, “Hunarmand” festivallarida Gruziya vakillari muntazam ishtirok etib kelmoqda.
Teatr sohasida ikki mamlakat teatrlari o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. O‘zbekiston va Gruziyada o‘tkaziladigan xalqaro teatr festivallari va tanlovlarida muntazam ishtirok etib keladi.
Ushbu an’anani davomi sifatida Gruziya vakillarining “Lazgi” va “Maqom” festivallarida ishtirok etganini misol keltirishimiz mumkin.
Barchamizga ma’lum, O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat do‘st va inoq bo‘lib istiqomat qilib kelmoqda. Shular qatorida 3500 dan ortiq gruzin millatiga mansub aholi uchun ham teng huquq va imkoniyatlar yaratib berilgan.
Qayd etish joizki, O‘zbekiston poyaxti Toshkent shahrining mazrkaziy ko‘chalarining biriga atoqli gruzin shoiri “Shota Rustavelli” nomi berilgan. Shuningdek, ushbu ko‘chada buyuk adibning haykali o‘rnatilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Gruziyaga va Gruziya Bosh vazirining O‘zbekistonga tashriflari chog‘ida erishilgan kelishuvlar natijasida madaniy-gumanitar hamkorlik yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi.
Mana bugun ushbu samarali hamkorlikning natijasi sifatida Sizlar bilan mazkur muhtasham madaniyat saroyida “O‘zbekiston madaniyati va kinosi kunlari”ni ochilish marosimida yig‘ilib turibmiz.
O‘ylaymizki, joriy yil ikki tomonlama hamkorligimiz tarixidagi eng muhim va voqealarga boy yillardan biri bo‘ladi.
Fursatdan foydalanib, mahshur Gruzin shoiri Shota Rustavellining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqchiman.
“Do‘st uchun balolardan qochmoq noloyiq, Do‘st baxtsiz bo‘lsa, dunyoda biz uchun baxt yo‘q”.
Birodar Gruziya xalqiga oilaviy baxt, farovonlik va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro hamkorlik yanada rivojlanishini tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat!
Madloba! (gruzin tilida)