Atamalar ma’nosi va izoxlari
Atamalar ma’nosi va izoxlari
Yer qa’ri to‘g‘risidagi qonunchilik - Ushbu Qonunning maqsadi yer osti boyliklariga egalik qilish va ularni tasarruf etish, shuningdek yer qa’ridan foydalanish hamda uni muhofaza qilish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi yer qa’ridan foydalanishda yuzaga keladigan, yer, suv (bundan sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlari mustasno), o‘simlik va hayvonot dunyosidan, atmosfera havosidan foydalanish hamda ularni muhofaza qilish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
[ОКОЗ:
1.11.00.00.00 Атроф табиий муҳит ва табиий ресурслар / 11.04.00.00 Ер ости бойликларидан фойдаланиш ва муҳофаза қилиш / 11.04.04.00 Ер ости бойликларидан фойдаланиш. Фойдаланиш турлари / 11.04.04.05 Ер қаърини геологик жиҳатдан ўрганиш]
Ushbu Qonun va sohaga oid qonunchilik tegishli salohiyatga ega bo‘lgan institutlar ko‘magida bozorga yo‘naltirilgan investitsiyalarni jalb etish vositasida O‘zbekiston Respublikasining foydali qazilmalarini barqaror o‘zlashtirish uchun geologik ma’lumotlarni tartibga solish va boshqarishning zamonaviy usullariga asoslangan huquqiy asosni ta’minlaydi.
benefitsiar egalik qiluvchi — yuridik shaxsni bevosita yoki bilvosita nazorat qiluvchi yoki unga egalik qiluvchi shaxs. Agar bunday shaxs shunday yuridik shaxsning yigirma besh foiz va undan ortiq foiz miqdordagi ulushiga bevosita yoxud bitta yoki o‘zaro bir-biri bilan bog‘langan bir necha yuridik shaxs orqali egalik qilsa, bunday shaxs biror-bir boshqa malaka mezonlariga qo‘shimcha tarzda avtomatik ravishda benefitsiar egalik qiluvchi deb hisoblanadi;
vakolatli shaxs — yer qa’ridan foydalanish sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, qo‘llaniladigan milliy va (yoki) xalqaro standartlarga muvofiq vakolatli shaxs deb e’tirof etilgan shaxs;
yer ostida saqlash — yer qa’ri makonidan foydali qazilmalarni qazib olish bilan bog‘liq bo‘lmagan maqsadlarda, shu jumladan neftni, gazni, gaz kondensatini, sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlarini, boshqa moddalar va materiallarni yer ostida saqlash, chiqindilarni saqlash va ko‘mish maqsadida foydalanish;
yer qa’ri — yer qobig‘ining tuproq qatlamidan quyida joylashgan, tuproq qatlami mavjud bo‘lmaganda esa yer yuzasidan yoki suv ob’ektlari tubidan quyida joylashgan, geologik jihatdan o‘rganish va o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan chuqurlikka qadar yastangan qismi;
yre qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnoma — vakolatli organ tomonidan beriladigan va muayyan chegaradagi yer qa’ri uchastkasidan Qonunning 30-moddasida nazarda tutilgan yer qa’ridan belgilangan muddat mobaynida foydalanish turlariga muvofiq foydalanish huquqini tasdiqlaydigan hamda yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish shartlarini belgilaydigan hujjat;
yer qa’ri uchastkasi — ruxsatnomada ko‘rsatilgan bir yoki bir necha kadastr kvadratidan iborat bo‘lgan yer qa’ri uchastkasi;
yer qa’ridan foydalanish sohasidagi asosiy faoliyat turi — ushbu Qonun bilan tartibga solinadigan faoliyatning quyidagi biror-bir turi: qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish, qattiq holdagi foydali qazilmalarni qazib olish, uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganish, uglevodorodlarni qazib olish, yer osti omborlarini geologik jihatdan o‘rganish, yer ostida saqlash;
yer qa’ridan foydalanuvchi — ushbu Qonunga muvofiq yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqiga doir ruxsatnomaga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish — O‘zbekiston Respublikasi hududini mintaqaviy geologik jihatdan o‘rganishni, foydali qazilmalar konlarini izlash, baholash hamda qidirishni, ulardagi foydali qazilmalar zaxiralarining miqdori va sifatini, ularning texnologik xossalarini hamda iqtisodiy qimmatini, shuningdek yer qa’rining boshqa xossalarini belgilashni o‘z ichiga oladigan, yer qobig‘i geologik tuzilishining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashga doir maxsus tadqiqot ishlari majmui;
ish kuni — shanba va yakshanbadan hamda O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq belgilanadigan, ishlanmaydigan bayram kunlaridan tashqari har qanday kalendar kun;
kadastr kvadrati — kadastr setkasidagi eng kam maydon birligi bo‘lib, uning har bir tomoni geografik koordinatalar tizimidagi o‘nta oltmishtalik soniyaga teng bo‘ladi;
kadastr kvadrati yuzasining yer uchastkasi — kadastr kvadratlari yuzasidagi, ruxsatnomaga kiritilgan hudud;
kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash — nodir tosh xomashyosining, paleontologik qoldiqlarning va boshqa geologik kolleksiya materiallarining namunalarini to‘plash;
konni o‘zlashtirish loyihasi — konchilik faoliyatining butun davri uchun texnik maslahatchi tomonidan tasdiqlangan ishlar (xizmatlar) loyihasi. Loyiha qazib olish uchastkasini o‘rnatish, ishlatish va yopish tavsifini o‘z ichiga oladi, shuningdek unda taklif etilayotgan loyiha, uni texnik jihatdan amalga oshirish va kutilayotgan muddatlar to‘g‘risidagi umumiy axborot mavjud bo‘ladi. Unda cheklangan vaqt davri uchun qabul qilinadigan ishlatish rejasi nazarda tutilib, ushbu rejada butun tegishli texnik faoliyat, shu jumladan ishchi kuchiga bo‘lgan talab, mehnatni muhofaza qilishga va texnika xavfsizligiga, shuningdek atrof muhitni muhofaza qilishga rioya etilishi bo‘yicha talablar har tomonlama tavsiflanadi;
konchilik faoliyati — konni o‘zlashtirish bilan bog‘liq faoliyat, shu jumladan, qidiruv, geologik jihatdan o‘rganish, konchilik faoliyatining infratuzilma ob’ektlarini qurish va ularga xizmat ko‘rsatish, qazib olish, konsentratsiya, boyitish yoki qayta ishlash, ishlov berish, separatsiya hamda transportda tashish, shuningdek qattiq holdagi foydali qazilmalarni geologik jihatdan o‘rganish o‘tkazish, o‘zlashtirish, ishlab chiqarish yoki qayta ishlash maqsadida amalga oshiriladigan boshqa yordamchi faoliyat turlari;
konchilik faoliyati infratuzilmasi ob’ektlari — konchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida qurilgan yoki foydalanilayotgan har qanday imorat, qurilma, zavod va boshqa asosiy uskunalar;
konchilik faoliyati chiqindilari — foydali qazilmalarni, shu jumladan uglevodorodlarni qidirish yoki qazib olish natijasida, shuningdek qayta ishlash, shu jumladan affinaj va eritish jarayonida bevosita hosil bo‘ladigan chiqindilar (qattiq holdagi, yarim qattiq holdagi va suyuq), jumladan boyitish fabrikalarining qoldig‘i, affinaj va eritish chiqindilari, affinaj va eritish jarayonidagi chiqindilar, qoplama tog‘ jinslari, chiqindilarni qayta ishlash chog‘ida tuproqning yuqori qatlami va shlaklari, texnologik materiallar hamda utilizatsiya qilish uchun yaroqli bo‘lgan, ular bilan bog‘liq mahsulotlar;
lozim darajadagi neft-gaz amaliyoti — jahon neft-gaz tarmoqlarida neft-gaz operatsiyalarining tegishli jihatlari bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan o‘xshash holatlar hamda sharoitlarda ehtiyotkor va insofli operatorlar tomonidan foydalaniladigan texnologiyalar, usullar va tartib-taomillar;
mineral xomashyo — qazib olingan va birlamchi ishlov berishdan o‘tkazilgan foydali qazilmalar;
neft va gaz koni — uglevodorodlar qazib olinishi mumkin bo‘lgan bitta geologik tuzilma yoki stratigrafik sharoitlar bilan guruh hosil qilgan yoki bog‘liq bo‘lgan uglevodorodlar qatlami yoki uglevodorodlarning bir necha qatlami;
neft mahsulotlari — qayta ishlash yoki ishlov berish jarayonida xom neftdan yoki tabiiy gazdan fraksiyalarga ajratilgan yoki boshqacha tarzda olingan mahsulotlar;
neft-gaz infratuzilmasi ob’ekti — neft-gaz operatsiyalarini amalga oshirish uchun qurilgan yoki foydalaniladigan har qanday konstruksiya, qurilma, zavod va boshqa asosiy asbob-uskuna;
neft-gaz operatsiyalari — uglevodorodlarni rekognossirovka qilish, geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish bilan bog‘liq ishlar, shu jumladan o‘zlashtirish, saqlash, tayyorlash, qayta ishlash, transportda tashish bilan bog‘liq faoliyat yoki uglevodorodlarni rekognossirovka qilish, geologik jihatdan o‘rganish va qazib olish maqsadida amalga oshiriladigan boshqa ishlar;
noruda foydali qazilmalar — tarkibida metallar mavjud bo‘lmagan, tabiiy holatda yoki tozalangan va ishlov berilgan holda foydalaniladigan foydali qazilmalar;
tabiiy gazni chuqur qayta ishlash mahsulotlari — xom tabiiy gazni tozalash hamda taqsimlash va pirovardida undan foydalanish uchun uning yaroqliligini ta’minlash maqsadida tabiiy gazni qayta ishlash natijasida olinadigan mahsulotlar;
tajriba-sanoat usulida qazib olish — foydali qazilmalarni boyitish va qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish yoki takomillashtirish, foydali qazilmalar konlarini sanoat usulida o‘zlashtirishning, shuningdek texnogen mineral hosilalardan foydalanishning oqilona usullari va uslublarini tanlash maqsadida yer qa’rini geologik jihatdan o‘rganish jarayonida amalga oshiriladigan foydali qazilmalarni qazib olish;
texnik maslahatchi — ariza berish uchun texnik-iqtisodiy asosnoma, konni o‘zlashtirish rejasi, yer qa’ridan foydalanish oqibatlarini bartaraf etish rejasi kabi hujjatlarni, shuningdek konchilik faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan rejalashtirish sohasidagi boshqa hujjatlarni texnik jihatdan tayyorlashga layoqatli bo‘lgan shaxs;
texnogen mineral hosilalar — konchilik, kon-qayta ishlash (boyitish) va energetika sohasidagi ishlab chiqarishlarning tarkibida keyinchalik foydalanish uchun yaroqli foydali komponentlar mavjud bo‘lgan chiqindilari to‘plamlari;
tijoratbop topilma — joriy texnik va texnologik darajani hisobga olgan holda o‘zlashtirish chog‘ida iqtisodiy jihatdan rentabelli bo‘lgan kon;
uglevodorodlar koni — yer qa’rida bitta tuzilma yoki qatlam doirasida hosil bo‘lgan, miqdori, sifati va zaxiralari aniqlangan, uglevodorodlarning bitta yoki bir necha qatlami;
uglevodorodlar topilmasi — miqdori, sifati yoki iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligidan qat’i nazar, uglevodorodlarni geologik jihatdan o‘rganishga doir ruxsatnomaga kiritilgan yer qa’ri uchastkasining istalgan qismidagi uglevodorodlar hajmlarining biror-bir topilmasi;
uglevodorodlar qatlami — uglevodorodlarning alohida va yakka holdagi tabiiy (suyuq yoki gaz holatidagi) uyumlarini o‘z ichiga olgan, o‘tkazmaydigan jinslar va (yoki) suv to‘siqlari bilan chegaralangan hamda yagona tabiiy bosim tizimi xususiyatiga ega bo‘lgan g‘ovak va o‘tkazuvchan geologik hosila;
uglevodorodlarni baholash — uglevodorodlar topilganidan keyin uglevodorodlarning potensial qatlamidan chiqarib olinayotgan uglevodorodlar zaxiralarining miqdori va sifatini, shuningdek uglevodorodlarning potensial qatlami uglevodorodlar koni bo‘la olishi mumkinligini yoki mumkin emasligini aniqlash uchun bitta yoki bir necha shunday potensial qatlamning o‘lchamini, ko‘lamini hamda undan tijorat maqsadida foydalanish imkoniyatini aniqlash maqsadida uglevodorodlarni yer qa’ridan foydalanuvchi tomonidan geologik jihatdan o‘rganish doirasida amalga oshiriladigan barcha ishlar;
uglevodorodlarni birgalikda o‘zlashtirish — uglevodorodlarni qazib olishga doir turli ruxsatnomalarga taalluqli bo‘lgan yer qa’ri uchastkalaridagi bitta neft-gaz koni chegaralarida joylashgan uglevodorodlarning bitta yoki bir necha qatlamiga nisbatan uglevodorodlarni qazib olishga oid birgalikdagi ishlarni bir necha yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan shartnoma asosida, shu jumladan tegishli konni o‘zlashtirish uchun umumiy infratuzilmadan foydalangan holda amalga oshirish;
uglevodorodlarni rekognossirovka qilish ishlari — biror-bir usuldan foydalanish vositasida yer qa’rining muayyan uchastkasida uglevodorodlarni izlash chog‘ida bajariladigan geologik, geokimyoviy va geofizik qidiruv ishlari: seysmik, gravimetrik, magnit, elektr, elektromagnit, geokimyoviy tadqiqotlar, shu jumladan uch yuz metr chuqurlikka qadar uncha chuqur bo‘lmagan burg‘ilash ishlari;
uglevodorodlarni qazib olish ishlari — neft va gaz konini yoki uglevodorodlar qatlamini o‘zlashtirish, uglevodorodlarni qazib olish, chiqarib olish, transportda tashish, tayyorlash va ajratish yoxud neft-gaz infratuzilmasi ob’ektlarini qurish, o‘rnatish, ishlatish yoki unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq har qanday ishlar;
foydali komponent — foydali qazilmaning tijoratda foydalanish maqsadida qazib olish texnologik jihatdan mumkin bo‘lgan va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lgan tarkibiy qismi;
foydali qazilmalar — yer qa’ridagi kelib chiqishi noorganik va organik bo‘lgan qattiq, suyuq yoki gazsimon holatdagi tabiiy mineral hosilalar, shu jumladan sanoat ahamiyatiga molik yer osti suvlari, sho‘r ko‘llarning tuz eritmalari;
foydali qazilmalar koni — miqdori va sifati jihatidan o‘zlashtirish ob’ekti bo‘lishi mumkin bo‘lgan, tarkibida foydali qazilmalar mavjud yer qa’ri uchastkasi;
foydali qazilmalarni oltin izlovchilar usulida qazib olish — yer qa’ri uchastkalaridan, shu jumladan sochma oltin konlari uchastkalaridan tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni va qimmatbaho toshlarni nosanoat usulida qazib olish;
foydali qazilmalarni qazib olish — foydali qazilmalarni yer qa’ridan yuzaga chiqarib olish bilan bog‘liq ishlar majmui;
ekologik ekspertiza — rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining va boshqa faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini «Ekologik ekspertiza to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq belgilash hamda ekologik ekspertiza ob’ektini ro‘yobga chiqarishga yo‘l qo‘yilishi mumkinligini aniqlash;
elektron auksion — elektron savdolarni auksion shaklida o‘tkazish usuli bo‘lib, bunda yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqi Internet jahon axborot tarmog‘idagi ixtisoslashgan elektron savdo maydonchasida onlayn rejimda, auksiondan teng foydalanish asosida amalga oshiriladi;
qattiq holdagi foydali qazilmalar — yer osti qatlamlarida yoki yer yuzasida qattiq shaklda joylashgan tabiiy mineral hosilalar, organik moddalar va ularning aralashmalari, rudali va noruda foydali qazilmalar;
qattiq holdagi foydali qazilmalarning asosiy turlari — noruda foydali qazilmalardan farq qiluvchi qattiq holdagi foydali qazilmalar.
