Inspeksiya tarixi

Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tarixiga nazar
Mamlakatimizda tog‘-kon sanoatida nazorat tizimining yaratilishi chuqur tarix - XVIII asrga borib taqaladi.
1719 yil 10 dekabrda Petr I tashabbusi va tegishli farmoni bilan Rossiya imperiyasida tog‘-kon sanoatini boshqarish uchun mas'ul bo‘lgan kon ma'muriyatining organiga aylangan Berg-kollegiya tashkil etildi.
Berg-kollegiya vazirlikning funksional analogi bo‘lib, 1719 yildan 1806 yilgacha bo‘lgan davrda faoliyat ko‘rsatdi.
Berg-kollegiyaning asosiy vazifalari kon zavodlari va ularning mahsulotlarini boshqarish, zavod va konlar uchun yer ajratish, zavodlarni texnik va texnologik rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berish, shuningdek, zavodlarga nisbatan nazorat funksiyalarini amalga oshirishdan iborat edi.
1804 yilda mahalliy konchilik boshqaruvini isloh qilish natijasida Rossiya imperiyasida beshta tog‘ okrugi (tog‘ ma'muriy okruglari) tashkil etildi.
1806 yil 13 iyunda Berg-kollegiya isloh qilindi va Moliya vazirligi tarkibida konchilik bo‘limiga aylantirildi.
1861 yilda Berg-kollegiya qoshida "Kon politsiyasi" tashkil etildi, uning asosiy vazifasi konlarda ishlash xavfsizligini nazorat qilish edi. Shu bilan birga, kon ishlarining boshlanishi va tugashi, shuningdek, korxonalarda sodir bo‘lgan avariya to‘g‘risida majburiy ravishda xabardor qilish talablari belgilandi. Shunday qilib, u tog‘-kon sanoatida ishlarning xavfsizligini nazorat qiluvchi birinchi davlat organi bo‘ldi.
1882 yil 1 iyunda Moliya vazirligi tarkibidagi konchilik departamenti qayta tashkil etildi va fabrika inspeksiyasiga, 1892 yil 9 martda Maxsus kon inspeksiyasiga, keyinchalik 1899 yil 7 iyunda fabrika va tog‘-kon ishlari bo‘yicha Bosh idoraga aylantirildi.
Bir qator islohotlardan so‘ng, 1922 yil 30 iyunda mazkur organ Kon nazorati markaziy boshqarmasi, 1927 yil 19 mayda Davlat kon-texnik inspeksiyasi “Gosgortexnadzor” sifatida qayta tashkil etildi.
Shu bilan birga, inspeksiya zimmasiga tog‘-kon korxonalari tomonidan qonunlar va davlat buyruqlari bajarilishini nazorat qilish, kon xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish, bug‘ qozonlarini tekshirish, ishlab chiqarishda shikastlanishlarni hisobga olish va tahlil qilish, baxtsiz hodisalarni tergov qilish, marksheyderlik ishlarini nazorat qilish va tog‘-kon qutqarish xizmatlarini boshqarish vazifalari yuklatildi.
Shunday qilib, Inspeksiya tarkibiga Geologiya va yer qa'rini muhofaza qilish vazirligining Tog‘-kon nazorati bosh boshqarmasi, Elektr stansiyalar vazirligining Bug‘ qozonlari nazorati bosh davlat inspeksiyasi va SSSR Neft sanoati vazirligining Davlat texnik inspeksiyasi kiritildi.
Shu bilan bir vaqtda, O‘zbekistonda kon qazib olish ishlari va konchilik sanoati rivojlantishining boshlanishi bilan SSSR Vazirlar Kengashining 1947 yil 16 dekabrdagi 1048-son qarori bilan SSSR Ministrlar Kengashi huzuridagi Davlat kon nazorati bosh boshqarmasining Markaziy Osiyo kon okrugi boshqarmasi tashkil etildi, uning asosiy vazifasi kon-portlatish ishlari ustidan nazoratni amalga oshirish va ish xavfsizligini amalga oshirish edi.
1954 yil 1 iyulda “Gosgortexnadzor” SSSR Ministrlar Kengashi huzuridagi Sanoatda ishlarni xavfsiz yuritish va tog‘-kon nazorati qo‘mitasiga, 1966 yil 15 yanvardan SSSR Ministrlar Kengashi huzuridagi Sanoat ishlarini xavfsiz olib borish va kon nazorati bo‘yicha davlat qo‘mitasiga aylantirildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng, shuningdek, uran, qimmatbaho metallar, ko‘mir va uglevodorod xomashyosini qazib olishning va umuman konchilik sanoati hajmining ortishini hisobga olib, 1996 yilda “Davkontexnazorat” davlat qo‘mitasi, 2000 yilda "Sanoatkontexnazorat" agentligi, 2004 yildan "Sanoatkontexnazorat" Davlat inspeksiyasi sifatida qayta tashkil etildi.
2011 yilda foydali qazilmalar hajmi va geologik qidiruv ishlarining ishonchliligini nazorat qilish bo‘yicha qo‘shimcha funksiyalarni yuklagan holda Inspeksiya "Sanoatgeokontexnazorat" Davlat inspeksiyasiga va 2019 yil 1 fevraldan O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasiga aylantirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi PF-79-son Farmoni va 2024 yil 24 maydagi PQ-187-son qaroriga muvofiq organ Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasiga o‘zgartirildi.
O‘zbekiston davlat nazorat organi maqomida 77 yildan ortiq va Rossiya imperiyasining davlat nazorat organi maqomida 305 yildan ortiq katta tarixga ega bo‘lgan inspeksiya quyidagi vazifalarni bajaradi:
- yer qa'rini geologik o‘rganishda undan foydalanish va muhofaza qilish, foydali qazilmalarni (shu jumladan, yer osti suvlarini) qazib olish, mineral xomashyoni qayta ishlashda yer qa'ridan foydalanuvchilar tomonidan qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga hamda yer qa'ridan foydalanish shartlariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- tog‘-kon tarmog‘ida, geologiya hamda yer qa'ridan foydalanish, portlatish ishlari va portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida sanoat xavfsizligini ta'minlashga oid qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- tog‘-kon tarmog‘iga, geologiya, neft' va gaz tarmog‘ida geologiya-qidiruv ishlari, foydali qazilmalarni qazib olish, konchilik, qattiq foydali qazilmalarni qayta ishlash hamda portlatish ishlari sohasiga oid xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarida sanoat xavfsizligi ekspertizasi va deklaratsiyalash tartibini takomillashtirish hamda texnogen xavfi yuqori bo‘lgan zonalarning davlat kadastrini yuritish va ushbu yo‘nalishlardagi ekspertlarni attestasiyadan o‘tkazishda ishtirok etish;
- yer qa'ridan foydalanishda marksheyderlik o‘lchov ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilishi va qazib (ajratib) olingan foydali qazilmalarning haqqoniy hisobi yuritilishi ustidan nazoratni ta'minlash, shuningdek, mineral xomashyoni qazib olish va qayta ishlashda foydali qazilmalarning normativdan ortiqcha yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilganligini aniqlash va qonunchilikka muvofiq javobgarlik choralarini ko‘rish;
- konchilik, portlatish ishlari, portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida hamda sanoat xavfsizligining tegishli yo‘nalishlarida litsenziyalash, ruxsatnomalar berish va xabardor qilish tartib-taomillarini amalga oshirish.
- tog‘-kon tarmog‘i, geologiya hamda konchilik, shu jumladan qattiq foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash, portlatish ishlari, portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida sanoat xavfsizligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni belgilangan tartibda ishlab chiqishda ishtirok etish;
- texnika va texnologiyalarning jadal rivojlanishini hisobga olgan holda tog‘-kon tarmog‘i, geologiya, yer qa'ridan foydalanish hamda konchilik, portlatish ishlari, portlovchi materiallarning aylanmasi sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislarning malakasini oshirish;
- inspeksiya faoliyatida zamonaviy raqamli texnologiyalarni va kosmik masofaviy monitoringni tatbiq etish orqali tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida huquqbuzarliklarning oldini olishning samarali tizimlarini joriy etish;
- yer qa'ridan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash va ularga nisbatan tezkor choralar ko‘rish yuzasidan idoralararo hamkorlikni rivojlantirish;
- yer qa'ridan foydalanishda aniqlangan huquqbuzarliklar va ularning oqibatlari to‘g‘risida keng jamoatchilikni xabardor qilib borish, sohada huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
- yer osti suvlariga quduqlarni burg‘ilash va suv olish inshootlarini ishlatishda qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarining buzilishi holatlari ustidan ta'sirchan nazorat choralarini ko‘rib borish.
Inspeksiya “Er qa'ri to‘g‘risida” (O‘RQ-987) va "Xavfli ishlab chiqarish ob'ektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida" (O‘RQ-57) O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida davlat nazoratini amalga oshiruvchi asosiy davlat organidir.
