Inspeksiya ISO 37001:2016 xalqaro standarti bo‘yicha sertifikatga ega bo‘ldi
2025-07-18 18:25:00 / Yangiliklar

Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida tizimli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Inspeksiya tomonidan joriy etilgan korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarining samaradorligi ISO 37001:2016 – Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi (Anti-bribery Management System) xalqaro standarti talablariga javob beruvchi muvofiqlik sertifikati bilan tasdiqlandi.
Ushbu standart asosida korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, hamda xodimlarda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan kompleks profilaktik choralar amalga oshirilmoqda. Xususan, huquqiy ong va madaniyatni oshirish, xavf-xatarlarni baholash, yuqori korrupsiogen xatarlarni kamaytirish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan.
Sertifikat, shuningdek, Inspeksiyaning xalqaro hamkorlar oldida ishonchli va shaffof tashkilot sifatidagi nufuzini oshiradi. Bu – xalqaro talablarga mos faoliyat yuritish, xalqaro shartnomalar (jumladan, grantlar) ijrosida ochiqlik va halollikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Inspeksiya jamoasi korrupsiyaga qarshi axloqiy me’yorlarga amal qilgan holda o‘z vazifalarini vijdonan bajarish, qonunlarga qat’iy rioya etish va halollik madaniyatini mustahkamlashga intiladi.








