Inspeksiya boshlig‘i murojaati!
2025-04-08 11:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli hamkasblar!
So‘nggi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiyaviy omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Davlatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari asosida korrupsiyaga qarshi preventiv mexanizmlarni qo‘llash ustuvorlik kasb etayotganligi hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlashga qaratilgan aniq choralarning belgilab berilganligini alohida e’tirof etish lozim.
Buning isboti sifatida 2024 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarilganligi, Transparency International xalqaro nodavlat-notijorat tashkilotining 2024 yil yakunlari bo‘yicha davlatimiz korrupsiyaga qarshi kurashish reytingida 180 davlat orasida 32 ball bilan 121-o‘rinni egallaganini ta’kidlab etish lozim.
Lekin shuning bilan birga, korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani bu global xavf ekanidan dalolat ekanligini, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazishini, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanishini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.
Birgina joriy yilning mart oyida “Korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar”ga bag‘ishlab o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishini shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilishi hamda mutasaddi rahbar xodimlarga bir qator muhim vazifalarning qo‘yilishi mamlakatimizda sohaning davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligining yana bir yaqqol isboti ekanligini ko‘rsatadi
Ma’lumki, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir aniq-chora tadbirlarni belgilash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, korrupsiyaga imkon beruvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish, huquqbuzarliklarni sodir etganligi uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash kabi vazifalarni bajarish ustuvor hisoblanadi.
Tog‘-kon sanoati va gelogiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasida yuqoridagi kabi chora-tadbirlarni belgilash hamda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmini takomillashtirish maqsadida bir qator ichki me’yoriy hujjatlar va tartib-qoidalar ishlab chiqildi.
Xususan, Inspeksiyada «Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati», «Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish to‘g‘risida»gi nizom, «Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash uslubiyoti», Inspeksiya xodimlarining «Odob-axloq qoidalari» va boshqa shu kabi 15 ga yaqin ichki idoraviy hujjat qabul qilindi.
Shuningdek, Inspeksiya xodimlarining korrupsion harakatlari yuzasidan xabar berishga mo‘ljallangan aloqa kanallari tashkil etilib, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar tashkilotning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoq kanallarida ochiq joylashtirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Tog‘-kon sanoati va gelogiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, shuningdek, 2025 yilda tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashishda ustuvor vazifalarga oid chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, tizim xodimlari orasida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga oid bir qator amaliy ishlar qilindi.
O‘z navbatida, Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi korrupsion harakatlarning har qanday shakl va ko‘rinishlarini rad etadi, Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan keskin murosasizlik shakllanishini ta’minlaydi, tizimda korrupsiyaning oldini olish va uning kelib chiqish sabablarini bartaraf etishga oid amaliy ishlarni olib boradi hamda qonun hujjatlariga qat’iy rioya qilishga, halollik, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi.
Har birimiz bu ishda nafaqat mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlariga ongli ravishda rioya qilishimiz, balki bu ishga insoniylik burchimiz sifatida qarashimiz zarur.
Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz va yurtdoshlarimizni ish yuritish standartlariga amal qilishga, korrupsiyaga qarshi mavjud qonunchilik normalariga og‘ishmay rioya etishga, har qanday korrupsion, manfaatlar to‘qnashuvi va qonunbuzilish holatlari haqida o‘z vaqtida tezkorlik bilan xabar berishda hamjihatlikka chaqiraman.
Hurmat bilan,
Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini
nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i
