Tog‘-kon sanoati va geologiyada raqamli inqilob: 30 milliard dollar investitsiya va sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi
2026-06-10 08:45:00 / Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 9-iyun kuni tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan strategik loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Yig‘ilishda sohani texnologik transformatsiya qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va boshqaruv tizimiga zamonaviy raqamli yechimlarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu tarmoq mamlakat iqtisodiyotining tayanchi hisoblanadi. Xususan, 2025-yilda jami sanoat mahsulotining 20 foizi aynan kon-geologiya korxonalari hissasiga to‘g‘ri kelgan boʻlib, ulardan davlat budjetiga 118,5 trillion so‘m tushum ta’minlandi. Raqamlashtirish tadbirlari natijasida o‘tgan yilning o‘zida yirik sanoat majmualarida 7,3 trillion so‘m operatsion xarajatlar tejaldi va mahsulot tannarxi 9,1 foizga kamaytirildi. Shuningdek, "Geomonitoring" axborot tizimi orqali 2 mingdan ziyod qazilma uchastkalari to‘liq raqamli shaklga o‘tkazildi.
Yangi besh yillik rejalarga ko‘ra, mamlakatda oltin zaxiralarini qo‘shimcha 879 tonnaga, kumushni 510 tonnaga, mis hajmini esa 676 ming tonnaga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlangan. Mazkur ko‘rsatkichlarga erishishda sun’iy intellekt texnologiyalari asosiy drayver vazifasini bajaradi. Tizim geologik ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, yangi konlarni prognozlash, zaxiralarni aniq hisoblash va burg‘ilash samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Prezident topshirig‘iga binoan, sohadagi barcha xaritalar, qidiruv natijalari va laboratoriya tahlillari yagona elektron bazaga jamlanadi. Geologik ma’lumotlar milliy bazasini yaratish doirasida maxsus "Texnologik transformatsiya markazi" tashkil etiladi. Markaz 36 mingdan ortiq tarixiy va birlamchi hisobotlarni raqamlashtiradi. Bu chora-tadbirlar mahsulot tannarxini yana 10 foizga kamaytirish, yangi konlarni ochish muddatini 2 barobar qisqartirish hamda investorlarga taqdim etiladigan takliflar sonini 4 barobar ko‘paytirish imkonini beradi.
Sohaga 2030-yilgacha 30 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb etish mo‘ljallangan. Buning uchun 2026–2030-yillarda kon-geologiya tarmog‘ida hamda 6 ta yirik davlat korxonasida — "Navoiy kon-metallurgiya kombinati", "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati", "Navoiyuran", "O‘zmetkombinat", "O‘zbekko‘mir" va "O‘zbekiston texnologik metallar kombinati" aksiyadorlik jamiyatlarida sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha 44 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Loyihalar ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, korporativ boshqaruv, mehnat xavfsizligi va raqamli transformatsiya kabi beshta ustuvor yo‘nalishni qamrab oladi. Natijada operatsion samaradorlik 7 foizga, uskunalar ishonchliligi 20 foizga, energiya tejamkorligi 8 foizga oshadi, inson omili bilan bog‘liq xatolar esa 15 foizga kamayadi.
Tog‘-kon va geologiya tarmog‘ida raqamli nazorat tizimlarining kuchaytirilishi va sun’iy intellektning tatbiq etilishi davlat resurslaridan foydalanishda shaffoflikni yangi bosqichga olib chiqadi. Bu jarayon yer qaʼridan qonuniy va oqilona foydalanish ustidan davlat nazoratini to‘liq avtomatlashtirish, iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olish hamda korrupsiyaviy xavflarni minimallashtirishga xizmat qiladi.
Raqamlashtirish orqali shakllantiriladigan ishonchli ma’lumotlar bazasi xalqaro investorlar uchun kafolatli huquqiy va iqtisodiy muhit yaratadi. Mineral-xomashyo bazasining aniq hisob-kitobi va qonuniylikning ta’minlanishi strategik tarmoqning uzoq muddatli barqaror rivojlanishini hamda mamlakat iqtisodiy xavfsizligini mustahkamlaydi.



