Sanoat kooperatsiyasi va iqtisodiy o‘sish: Ohangaronda “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi natijalari tahlili
2026-05-19 10:05:00 / Yangiliklar

Ko‘rgazma Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi hamda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamkorligida tashkil etildi. Tadbir nafaqat mahsulotlar namoyishi, balki yirik sanoat korxonalari va xususiy sektor o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot maydoniga aylandi.
Tadbirning ochilish marosimida Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B.Islamov hamda “OKMK” AJ Boshqaruvi raisi A.Xursanov ishtirok etib, sanoat zanjirida import o‘rnini bosish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning strategik ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdilar.
Ko‘rgazmada “NKMK” AJ, “OKMK” AJ, “Navoiyuran” DK, “O‘zTMK” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ va “O‘zbekko‘mir” AJ kabi gigant korxonalar bilan bir qatorda 90 dan ortiq mahalliy tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Shuningdek, 500 dan ortiq korxona vakillari ishtirokchi sifatida qatnashib, hamkorlik imkoniyatlarini o‘rgandi. Umumiy ro‘yxatdan o‘tganlar soni 2 500 nafardan oshgani tadbirga qiziqish yuqori ekanligini ko‘rsatdi.
Harbiylashtirilgan kon qutqaruv qism bo‘linmalari ham tadbirda faol ishtirok etib, xavfsizlikni ta’minlash va qutqaruv vositalari bo‘yicha o‘z salohiyatini namoyish etdi. Ko‘rgazma doirasida “OKMK” AJ rahbariyati qutqaruv xizmati faoliyati va zamonaviy uskunalar bilan yaqindan tanishdi.
Ikki kunlik muloqotlar natijasida 30 ta muhim kelishuvga erishildi. Ushbu bitimlarning umumiy qiymati qariyb 212,1 milliard so‘mni tashkil etdi. Shu bilan birga, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish maqsadida Fanlar akademiyasi, “MISIS” universiteti filiali va Geologiya fanlari universiteti kabi muassasalar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
16-may kuni tadbirlar silsilasi Olmaliq shahrida “Konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni” munosabati bilan davom etdi. Unda soha xodimlarining xizmatlari e’tirof etilib, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu ko‘rgazma natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda sanoat kooperatsiyasi tizimi aniq iqtisodiy samaradorlikka ega mexanizmga aylandi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yaratilgan “shatakka olish” tizimi import hajmini kamaytirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
Sanoat xavfsizligi va davlat nazorat organlarining ushbu jarayonlardagi ishtiroki korxonalarda texnik reglamentlarga rioya etilishini ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirib, milliy iqtisodiyotning barqarorligini kafolatlaydi.







