Sirdaryo viloyatidagi konda 106 769,7 kub metr qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olinganligi aniqlandi
2026-05-18 10:55:00 / Yangiliklar

Tekshiruv jarayonida Sirdaryo viloyatida faoliyat yurituvchi “S.S.I.” MCHJ tomonidan litsenziya talablariga rioya etilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Jamiyat tomonidan konchilik ishlarini rivojlantirish yillik ish rejasi ishlab chiqilmagan hamda tegishli ruxsatnomalar rasmiylashtirilmagan. Nazorat tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 4-dekabrdagi 983-sonli Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoniga asosan o‘tkazildi.
O‘lchov natijalariga ko‘ra, jami 114 665,4 kvadrat metr maydonda 850 829,9 kub metr mahsulot ajratib olingan bo‘lib, shundan kon hududining o‘zida tasdiqlangan hajmdan ortiqcha 88 760,2 kub metr qum-shag‘al qazib olingan. Kon ajratmasi chegarasidan tashqarida esa noqonuniy ravishda 106 769,7 kub metr qum-shag‘al aralashmasi qazilganligi aniqlandi. Mazkur noqonuniy hajmdan 24 190 kub metri bo‘yicha muqaddam jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, qolgan 82 579,7 kub metr hajm kosmik monitoring ma’lumotlari orqali aniqlandi.
Sirdaryo viloyati Boyovut tuman prokuraturasining taqdimnomasiga binoan, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari davom ettirildi. 2026-yil 22-apreldagi qayta o‘lchovlar shuni ko‘rsatdiki, noqonuniy qazilgan maydonning 76 074,4 kub metr qismi jamiyat tomonidan qayta to‘ldirilganligi sababli, hozirgi kunda haqiqiy zararli hajm 6 505,3 kub metrni tashkil etmoqda. Inspeksiya tomonidan to‘plangan barcha materiallar huquqiy baho berish va iqtisodiy zararni undirish uchun prokuratura organlariga taqdim etildi.
Ushbu nazorat tadbirlari yer qa’ri boyliklaridan oqilona foydalanish ustidan davlat nazoratining qat’iyligini va zamonaviy texnologiyalar yordamida qonunbuzarliklar o‘z vaqtida aniqlanishini ko‘rsatadi. Tizimning kuchaytirilishi tabiiy resurslar talon-taroj qilinishining oldini olishga hamda tadbirkorlarning qonuniy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi. Qonuniylikning ta’minlanishi esa davlatning iqtisodiy manfaatlarini muhofaza qilib, bozorda sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlaydi.
J. Bozorxonov - Bosh yuriskonsult
