Qashqadaryoda daryo o‘zanidan noqonuniy qum-shag‘al qazib olgan tadbirkor davlatga 308 million so‘m zarar yetkazdi
2026-05-05 10:45:00 / Yangiliklar

Tadbirkor o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi “Suv havzalarida noruda materiallarni qazib olishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 14-sonli farmoni talablariga zid ravishda amalga oshirgan. Mazkur farmon bilan Qashqadaryo daryosi o‘zanlarida noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy etilgan edi. Shunga qaramay, 2025-yilning boshidan 18-avgustiga qadar kon hududidan tashqarida 11 727,57 metr kub qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy ravishda qazib olingan.
Inspeksiya inspektorlari va marksheyderlar ishtirokida “STONEX R1 plus” elektron taxeometri yordamida o‘tkazilgan o‘lchov ishlari natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 308 822 100 so‘m miqdorida juda ko‘p zarar yetkazilgani aniqlandi. Sud-tovarsunoslik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, noqonuniy qazib olingan qum-shag‘alning har bir metr kubi o‘rtacha 26 333 so‘m deb baholangan. Mazkur holat yuzasidan M.K.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Sud majlisida sudlanuvchi o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganini bildirdi. Da’vogar tomon — Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi vakili ham zarar bartaraf etilgani sababli da’vosi yo‘qligini tasdiqladi. Natijada, Jinoyat kodeksining 66-prim-1-moddasiga asosan taraflar o‘zaro yarashgani sababli jinoyat ishi tugatildi. To‘langan mablag‘lar Inspeksiyaning maxsus hisob raqamiga o‘tkazilishi belgilandi.
Ushbu holat daryo o‘zanlarini muhofaza qilish bo‘yicha o‘rnatilgan qat’iy moratoriy talablariga rioya etish naqadar muhimligini ko‘rsatadi. Nazorat tadbirlarining kuchaytirilishi nafaqat iqtisodiy zararning undirilishini, balki ekologik muvozanatni saqlab qolishni ham ta’minlaydi.
Qonuniylikni ta’minlash va o‘zboshimchalikka chek qo‘yish davlat resurslaridan samarali foydalanishning asosiy omilidir. Inspeksiya tomonidan amalga oshirilayotgan muntazam monitoring ishlari kelgusida bunday noqonuniy holatlarning oldini olishga va tabiat boyliklarini asrab-avaylashga xizmat qiladi.
