Angren kon-texnika inspektsiyasi: Konchilik sohasida qonuniylik va xavfsizlik nazorat ostida
2026-05-04 10:35:00 / Yangiliklar

Inspeksiya mutaxassislari tomonidan tadbirkorlarning murojaatlari asosida ikki holatda rasmiy xulosalar tayyorlandi. Xususan, “YANG NOVATECH” MCHJ XKning Ohangaron tumanidagi “Qaynar” oltin uchastkasida olib borayotgan ishlari o‘rganildi. Mazkur korxona tomonidan olingan TV seriyali 0018-sonli ruxsatnoma asosida faqat burg‘ulash va namuna olish ishlari bajarilgani, foydali qazilmalar qazib olinmagani va realizatsiya qilinmagani aniqlandi. Shunga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 5-oktabrdagi 566-sonli qaroriga asosan, ushbu bosqichda korxonaga alohida tog‘-kon ishlari huquqini beruvchi ruxsatnoma talab etilmasligi bo‘yicha huquqiy xulosa berildi. Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va “ASL JAVXAR” MCHJ murojaati bilan “Qorabog‘soy” suv o‘zanini tozalash loyihasi koordinatalari joyida o‘rganilib, tegishli xulosa rasmiylashtirildi.
Nazorat tadbirlari doirasida “ANGREN GUMAT KO‘MIR” MCHJning 2026-yilga mo‘ljallangan kon ishlari kalendar rejasi tahlil qilindi. Sohaga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida “Texnik ta’lim” o‘quv markazida “BeLAZ” haydovchiligi bo‘yicha tahsil olgan tinglovchilarning yakuniy imtihonlarida inspeksiya vakillari ishtirok etib, bilimlarni xolis baholadilar.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri B. Islamov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish topshiriqlari ijrosini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu maqsadda “O‘zbekko‘mir” AJning “Apartak” uchastkasida ko‘mir qazib olish rejasini jadallashtirish bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Shuningdek, “NISHBASHKO‘MIR” MCHJda ishlab chiqarish hajmining pasayib ketishining oldini olish va me’yoriy hujjatlarni qonunchilikka muvofiqlashtirish bo‘yicha nazorat o‘rnatildi.
Amalga oshirilgan ushbu tadbirlar tog‘-kon sanoatida byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bilan birga, davlat ahamiyatiga molik resurslarni qazib olishda intizomni mustahkamlaydi. Bu kabi nazorat mexanizmlari nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘sishini, balki sohada texnik xavfsizlik va tabiatni muhofaza qilish me’yorlarining so‘zsiz bajarilishini kafolatlaydi.







