Navoiy kon-metallurgiya kombinatida mehnat xavfsizligi va qonun ustuvorligi masalalari muhokama qilindi
2026-05-04 10:10:00 / Yangiliklar

Tadbirda Navoiy ixtisoslashtirilgan prokuraturasi, “Qizilqum” kon-texnika inspeksiyasi, NKMK IIB hamda kombinat ma’muriyati va kasaba uyushmasi Kengashi mas’ullari ishtirok etdi. Navoiy ixtisoslashtirilgan prokurori N.Tilavov va NKMK AJ Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Tursunov o‘z ma’ruzalarida texnologik jarayonlarda xavfsizlik talablariga og‘ishmay amal qilishning huquqiy va amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tdilar.
Muloqot davomida ta’kidlanganidek, mehnat xavfsizligi faqat soha mutaxassislarining emas, balki oddiy ishchidan tortib rahbar xodimga qadar barchaning ustuvor vazifasi sanaladi. Tadbir ishtirokchilari ishlab chiqarishda ehtiyotkorlikni oshirish va kelgusida baxtsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan monitoring mexanizmlarini yanada takomillashtirish choralarini belgilab oldilar.
Yig‘ilish yakunida joriy yilning birinchi choragi davomida o‘z xizmat vazifalariga mas’uliyat bilan yondashgan va mehnat muhofazasi yo‘nalishida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan bir guruh xodimlar munosib taqdirlandi. Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan faol ishchilarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Ushbu tadbir ishlab chiqarish ob’ektlarida davlat nazorati va jamoat nazorati o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi. Tizimli nazoratning yo‘lga qo‘yilishi nafaqat texnologik intizomni mustahkamlaydi, balki yirik sanoat korxonalarida iqtisodiy barqarorlik va inson kapitali muhofazasini ta’minlashning muhim omili bo‘lib qoladi.


