Namanganda tadbirkorlar uchun yer osti suvlaridan foydalanish va qonunchilik talablari bo‘yicha seminar-trening hamda sayyor qabul o‘tkazildi
2026-04-29 11:20:00 / Yangiliklar

Muloqotda Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining Sharqiy mintaqaviy inspeksiyasi, “O‘zbekgidrogeologiya” davlat muassasasi rahbariyati, viloyat adliya boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy qismi tadbirkorlarning huquqiy savodxonligini oshirish va yer osti suvlaridan foydalanishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga qaratildi. Mutaxassislar tomonidan yer osti suvlarini olish, ulardan foydalanish bo‘yicha hisobotlarni topshirish tartibi hamda sohaga oid yangilangan qonunchilik talablari batafsil tushuntirildi.
Seminar davomida tadbirkorlar faoliyatida duch kelayotgan gidrogeologik muammolar yuzasidan bevosita mutasaddi rahbarlarga murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldilar. Sayyor qabul davomida yer qa’ridan foydalanish samaradorligini oshirish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash borasida aniq tavsiyalar berildi. Nazorat organlari vakillari tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan byurokratik to‘siqlarni o‘rganib, ularni qonuniy hal etish choralarini belgiladilar.
Bunday tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi sohada shaffoflikni ta’minlash bilan birga, tadbirkorlar va davlat organlari o‘rtasidagi ishonchli muloqotni mustahkamlaydi. Yer osti suvlari strategik resurs ekanligini inobatga olgan holda, nazorat tizimining takomillashishi resurslarning maqsadsiz sarflanishining oldini olishga va tadbirkorlik muhitining barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.






