Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida noqonuniy qazib olish holati aniqlandi
2026-04-27 12:20:00 / Yangiliklar

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yer qa’ri boyliklaridan o‘zboshimchalik bilan foydalanish holati aniqlandi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi hududiy inspeksiyaning Shimoliy-G‘arbiy mintaqaviy inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda “SH.D.T.” MChJ tomonidan qum-shag‘al aralashmasini tegishli ruxsatnomasiz qazish ishlari olib borilganligi aniqlandi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, “Qoraxon-III” konining belgilangan maydonlaridan tashqarida jami 21 829,4 m³ (yoki 41 694,154 tonna) qum-shag‘al aralashmasi noqonuniy qazib olingan. Ushbu harakatlar natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga 504,4 mln so‘m miqdorida iqtisodiy zarar yetkazilgan.
To‘plangan hujjatlar Buxoro viloyat prokuraturasiga yuborilgan. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 196-1-moddasi (Foydali qazilmalarni ruxsatnomasiz qazib olish) va 229-moddasi (O‘zboshimchalik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.




