Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash: 2026-yilning birinchi choragida 90,6 milliard so‘mlik zarar aniqlandi
2026-04-17 11:25:00 / Yangiliklar

Hisobot davrida foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish holatlarini cheklash maqsadida jami 195 ta nazorat tadbiri o‘tkazildi. Tadbirlar natijasida 4,5 million kub metr hajmdagi qazilma boyliklar noqonuniy ravishda olingani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu huquqbuzarliklar davlat manfaatlariga 90,6 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Shu bilan birga, davlat byudjeti tushumlarini ko‘paytirish va soliq bazasini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tekshirishlar davomida soliqqa tortiladigan bazadan yashirilgan qo‘shimcha 0,27 million kub metr hajmdagi qazilmalar aniqlandi. Hozirda ushbu hajm bo‘yicha tegishli soliq to‘lovlarini undirish maqsadida hududiy soliq boshqarmalari bilan tezkor ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Tizim ichida korrupsiyaga qarshi kurashish choralari ham qat’iylashtirildi. Tadbirlar Inspeksiyaning markaziy apparati, 5 ta hududiy boshqarma, 3 ta kon-texnika inspeksiyasi hamda Harbiylashtirilgan kon-qutqaruv qismini to‘liq qamrab oldi. Sohaga oid tasdiqlangan dasturdagi barcha vazifalar ijrosi muddatida ta’minlandi.
Huquqiy asoslarni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 6-yanvardagi topshirig‘i hamda Inspeksiya booshlig‘ining 2025-yil 30-dekabrdagi 42-son buyrug‘i asosida ichki me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi. Shuningdek, 2026-yil 24-yanvardagi 123-son buyruq bilan korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi tasdiqlandi.
Ochiqlikni ta’minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi PF-154-son Farmoni talablariga muvofiq, 19 turdagi ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar Inspeksiya veb-saytida e’lon qilindi.
Ushbu natijalar nazorat tizimining nafaqat jazo choralari, balki iqtisodiy barqarorlikni ta'minlovchi mexanizm sifatida shakllanayotganini ko‘rsatadi. Noqonuniy qazishmalarning cheklanishi va soliq bazasining kengayishi davlat byudjetiga tushumlarni oshirish bilan birga, tadbirkorlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratadi. Qonuniylikning ta’minlanishi yer osti boyliklarini kelajak avlod uchun asrab qolishning iqtisodiy kafolatidir.
