Olmaliq kon-metallurgiya kombinati obyektlarida kon-qutqaruvchilarning tayyorgarligi sinovdan o‘tkazildi
2026-04-15 08:55:00 / Yangiliklar

Taktik tayyorgarlik mashqlari “Angren kon boshqarmasi” obyektlarida xizmat ko‘rsatuvchi Harbiylashtirilgan kon qutqaruv otryadi hamda “Xondiza” koniga biriktirilgan “Xondiza” HKQVzvodlarida tashkil etildi. Mashg‘ulotlar davomida qutqaruvchilarning texnik vositalardan foydalanish ko‘nikmalari va murakkab sharoitlarda qaror qabul qilish tezkorligi tekshirildi.
Shu bilan birga, “Chodak kon boshqarmasi”ga qarashli “Guzaksay” shaxtasida ham keng ko‘lamli o‘quv amaliyoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu jarayonda 5-harbiylashtirilgan kon qutqaruv vzvodi va kon boshqarmasi xodimlari hamkorlikda harakat qildi. Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, shaxtada shartli ravishda yong‘in sodir bo‘ldi. Qutqaruvchilar oldiga yong‘inni qisqa muddatda bartaraf etish va ishchilarni xavfsiz hududga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Real vaziyatga maksimal darajada yaqinlashtirilgan ushbu mashg‘ulotlarda quyidagi jihatlarga alohida e’tibor qaratildi:
-
Kon qutqaruvchilarning yong‘inni o‘chirishdagi professional mahorati;
-
Shartli yong‘in hududida qolib ketgan insonlarni qidirib topish va qutqarish;
-
Jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish usullari;
-
Evakuatsiya jarayonini tartibli va tezkor tashkil etish.
O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida qutqaruv bo‘linmalarining shaylik darajasi yuqori ekanligi, texnik anjomlar va nafas olish apparatlari soz holatda saqlanayotgani tasdiqlandi. Shu bilan birga, xodimlarning ekstremal vaziyatlardagi psixologik tayyorgarligi ham ko‘zdan kechirildi.
Ushbu amaliy mashg‘ulotlar tizimli nazoratning muhim qismi bo‘lib, ishlab chiqarish obyektlarida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlaydi. Profilaktika va muntazam mashqlar nafaqat yirik sanoat korxonalarining iqtisodiy barqarorligini, balki mehnat muhofazasi bo‘yicha davlat standartlari ijrosini kafolatlaydi. Bu kabi tadbirlarning muntazamligi konchilik sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnogen xavflarning oldini olishda muhim ahamiyatga ega.








