Neft va gaz sohasida sanoat xavfsizligi: I chorakda 470 dan ortiq obyekt nazoratdan o‘tkazildi
2026-04-08 11:40:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda respublika bo‘yicha neft va gaz yo‘nalishida jami 471 ta xavfli ishlab chiqarish obyekti ro‘yxatga olingan. Ularning asosiy qismi yirik sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi. Xususan, “O‘zbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyatida 155 ta, “Sanoat Energetika Guruhi” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxonada 193 ta, “Lukoil Uzbekistan Operating Company” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 14 ta hamda turli tadbirkorlik subyektlarida 109 ta xavfli obyekt mavjud.
Hisobot davri davomida inspeksiya mutaxassislari tomonidan ushbu ob’ektlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida 220 marotaba profilaktika tadbirlari o‘tkazildi. Shuningdek, zamonaviy nazorat usullarini qo‘llagan holda 54 marotaba kameral nazorat ishlari olib borildi. Ushbu monitoring jarayonlari nafaqat kamchiliklarni aniqlash, balki ularni o‘z vaqtida bartaraf etish orqali yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnogen xavflarning oldini olishga xizmat qiladi.
O‘tkazilgan profilaktika tadbirlari natijasida sohadagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik reglamentlar talablari buzilgan 722 ta holat aniqlandi. Aniqlangan har bir kamchilik yuzasidan korxona va tashkilotlar rahbarlariga qat’iy topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi. Shu bilan birga, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari doirasida sanoat xavfsizligi sohasiga oid 25 ta ariza va hujjatlar ekspertizadan o‘tkazildi.
Yangi quduqlarni burg‘ulash va mavjudlarini ta’mirlash jarayonlari ham inspeksiya diqqat markazida bo‘ldi. Neft va gaz quduqlarini burg‘ulash bo‘yicha 23 ta loyiha hujjati ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar bevosita burg‘ulash ishlarida 7 marotaba va quduqlarni mukammal ta’mirlash jarayonlarida 17 marotaba ishtirok etib, tegishli dalolatnomalarni rasmiylashtirdilar. Shuningdek, konlarni o‘zlashtirish uchun 15 ta kon ajratmasi dalolatnomalari tayyorlandi.
Quduqlarni tugatish (konservatsiya qilish) masalasida kelib tushgan 33 ta hujjatdan 28 tasi ijobiy kelishildi, biroq 5 ta holatda hujjatlarda jiddiy kamchiliklar aniqlanganligi sababli ular rad etildi. Avariya va ko‘ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida burg‘ulash va mukammal ta’mirlashda foydalaniladigan 13 ta texnik qurilma maxsus sinovlardan o‘tkazilib, ularning xavfsizlik talablariga muvofiqligi tekshirildi.
Inson omili bilan bog‘liq xavflarni minimallashtirish maqsadida soha xodimlari o‘rtasida 23 ta o‘quv seminari tashkil etildi. Davlat nazorati tadbirlari davomida xavfli ob’ektlarda ishlovchi 971 nafar xodimning kasbiy bilimi va xavfsizlik qoidalarini bilish darajasi imtihondan o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, 51 nafar xodimning bilimi qoniqarsiz deb topildi va ularning malakasini oshirish bo‘yicha korxona rahbarlariga yozma ko‘rsatmalar berildi.
Afsuski, ko‘rilgan choralar va o‘tkazilgan profilaktika ishlariga qaramay, joriy yilning I choragida nazorat ostidagi obyektlarda 3 ta o‘g‘ir oqibatli (tan jarohati bilan bog‘liq) baxtsiz hodisa qayd etildi. Shuningdek, hisobot davrida 1 ta korxonada belgilangan tartibda chuqurlashtirilgan tekshiruv ishlari amalga oshirildi.
Ushbu nazorat natijalari neft va gaz sanoatida texnik xavfsizlik qoidalariga rioya etish darajasi hali ham yetarli emasligini ko‘rsatmoqda. Aniqlangan 722 ta qonunbuzilish holati va xodimlarning bilim darajasidagi kamchiliklar ishlab chiqarishda modernizatsiya ishlari bilan birga xavfsizlik madaniyatini ham yuksaltirish lozimligidan dalolat beradi.
Nazorat tizimining muntazamligi va qat’iyligi tarmoqda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda ishlab chiqarishdagi avariyaviy to‘xtalishlarning oldini olishda muhim iqtisodiy ahamiyatga ega. Kelgusida inspeksiya tomonidan xavfni tahlil qilish va profilaktika tadbirlari ko‘lamini yanada kengaytirish orqali sanoat xavfsizligini ta’minlash choralari davom ettiriladi.
