Navoiyda konchilar o‘rtasida “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi: Inspeksiya jamoasi kuchli o‘ntalikda
2026-03-30 16:15:00 / Yangiliklar

Mazkur musobaqada Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining sharafini “Liderlar” jamoasi himoya qildi. Navoiy viloyati, Islom Karimov ko‘chasi 67-uy manzilida joylashgan majmuada o‘tgan o‘yinlarda respublikaning turli hududlaridan kelgan 45 ta jamoa g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Turnir yakunlariga ko‘ra e’lon qilingan turnir jadvalida inspeksiyaning “Liderlar” jamoasi yuqori natija qayd etdi. Jamoa umumiy hisobda 18 ball jamg‘arib, kuchli o‘ntalikdan joy oldi. Xususan, 1-turda 3 ball, 2-turda 7 ball va 3-turda 8 ball to‘plagan holda barqaror o‘yin ko‘rsatdi. Musobaqaning umumiy reytingida “Alfa” jamoasi 23 ball bilan peshqadamlik qilgan bo‘lsa, Inspeksiya jamoasi yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan tengma-teng kurash olib bordi.
Tadbir davomida soha xodimlarining ijtimoiy faolligini oshirish va yosh kadrlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini targ‘ib qilish masalalari ham muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan kelgusida nafaqat intellektual o‘yinlar, balki “Kitobxonlik” hamda “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovlarini muntazam o‘tkazish takliflari ilgari surildi. Bu kabi tashabbuslar tizimda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qiladi.






