Noqonuniy qum-shag‘al qazib olgan tadbirkor 144 million so‘m zarar to‘ladi
2026-03-26 09:00:00 / Yangiliklar

Sud majlisida aniqlanishicha, Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor Sh.U. amaldagi qonunchilik talablarini chetlab o‘tgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun ruxsatnomalar berish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomga ko‘ra, noruda foydali qazilmalarni qazib olish faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi shart. Biroq, tadbirkor bunday ruxsatnomaga ega bo‘lmagan.
Nazorat tadbirlari va sud tergovi natijasida noqonuniy qazib olingan qum-shag‘al mahsulotining aniq hajmi belgilandi. Tadbirkor tomonidan tegishli ruxsatnomasiz 5,130 metr kub qum-shag‘al mahsuloti kavlab olingan. Ushbu harakatlar natijasida davlat va jamiyat manfaatlariga jami 144,000,000 (bir yuz qirq to‘rt million) so‘m miqdorida iqtisodiy zarar yetkazilganligi o‘z isbotini topdi.
Ushbu natijalar yer qa’ridan foydalanish sohasida nazorat tizimining samaradorligini ko‘rsatadi. Noqonuniy qazishmalarga chek qo‘yilishi nafaqat iqtisodiy zararning o‘rnini qoplashga, balki tabiiy resurslarni saqlab qolishga xizmat qiladi. Qonuniylikning ta’minlanishi yer osti boyliklaridan oqilona foydalanishni kafolatlaydi va bu kabi huquqbuzarliklarning oldini olishda muhim profilaktik ahamiyatga ega.
