RAMAZON VA NAVRO‘Z SHUKUHI: HARBIYLASHTIRILGAN KON QUTQARUV QISMI TOMONIDAN SAXOVAT TADBIRLARI TASHKIL ETILDI
2026-03-19 09:45:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi Harbiylashtirilgan kon qutqaruv qismi (HKQQ) shaxsiy tarkibi va rahbariyati tomonidan xayriya ishlari boshlab yuborildi. Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga moddiy va ma’naviy dalda bo‘lishdan iboratdir. Ushbu tashabbus Inspeksiya tizimidagi xizmatchilar va mahalla ahli o‘rtasidagi jipslikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xayriya tadbirlari doirasida HKQQ mas’ullari tizimda faoliyat yuritayotgan hamda mahallada istiqomat qiluvchi ehtiyojmand oilalar xonadonlariga tashrif buyurishdi. Ularning yashash sharoitlari va ehtiyojlari o‘rganilib, kundalik turmush uchun zarur bo‘lgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamlari yetkazib berildi. Bunday manzilli yordam ko‘rsatish jarayonida har bir fuqaroga alohida e’tibor qaratilib, ularning ijtimoiy muammolarini bartaraf etish choralariga urg‘u berildi.
Shu bilan birga, Harbiylashtirilgan kon qutqaruv qismida ko‘p yillar davomida samarali mehnat qilgan faxriylar uchun alohida ehtirom ko‘rsatildi. Uzoq yillik xizmati davomida soha rivojiga hissa qo‘shgan mehnat faxriylari sharafiga iftorlik dasturxoni yozildi. Tadbir davomida nuroniylar bilan samimiy suhbatlar qurilib, ularning boy tajribasi va o‘gitlari yosh xodimlar uchun ibrat namunasi sifatida e’tirof etildi. Ishtirokchilar o‘zlariga ko‘rsatilgan bunday yuksak g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi uchun duo qildilar.
Inspeksiya tomonidan tashkil etilayotgan bu kabi sahovat tadbirlari faqat bayramlar bilan cheklanib qolmay, tizimli ravishda davom ettirilishi rejalashtirilgan. Kelgusida ham ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalar va yolg‘iz keksalar monitoring qilinib, ularga zaruriy ko‘mak berish mexanizmi takomillashtiriladi. Bu esa davlat organlarining xalq bilan muloqotini yangi bosqichga olib chiqish va ijtimoiy adolat tamoyillarini qaror toptirishga xizmat qiladi.
Ushbu tadbirlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, davlat nazorat organlari nafaqat qonuniylikni ta’minlash, balki ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda ham faol ishtirok etmoqda. Saxovat va shukronalik tadbirlari jamiyatda insonparvarlik muhitini shakllantirishning muhim vositasidir. Nazorat tizimining ijtimoiy yo‘naltirilganligi aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshiradi, bu esa o‘z navbatida iqtisodiy va ma’naviy rivojlanishning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.



