Kon nazorati va korrupsiyaga qarshi kurash: Inspeksiyada tanqidiy tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
2026-03-13 11:20:00 / Yangiliklar

Inspeksiya boshlig‘i J.Adilov raisligida o‘tgan yig‘ilishda sohadagi mavjud kamchiliklar, prokuratura organlari tomonidan kiritilgan taqdimnomalar tahlili va istiqboldagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Asosiy e’tibor nazorat tadbirlarining samaradorligini oshirish ва davlat rahbarining farmonlari ijrosini so‘zsiz ta’minlashga qaratildi.
Ushbu tadbir sohada ochiqlikni ta’minlash, yer osti boyliklaridan oqilona foydalanish va sohadagi har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatini oshirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilish kun tartibidagi birinchi masala — Surxondaryo, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturalari tomonidan kiritilgan taqdimnomalar muhokamasi bo‘ldi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ayrim hududlarda tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilishda hamon sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-246-son Farmoni ijrosi tanqidiy ko‘rib chiqildi. Mazkur Farmonning 2-ilovasi 22-bandida belgilangan vazifalar — kosmik monitoring orqali aniqlangan noqonuniy holatlar yuzasidan nazorat tadbirlari natijalarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish ishlarida oqsoqliklar mavjudligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda 2024-yildan buyon yer osti suvlarini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham tahlil qilindi. Hududiy boshqarmalarning “O‘zbekgidrogeologiya” stansiyalari bilan hamkorligi yetarli darajada emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, quyidagi yo‘nalishlarda aniq kamchiliklar sanab o‘tildi:
-
Maxsus texnika va maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanish darajasi;
-
Noqonuniy burg‘ulash holatlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish mexanizmlari;
-
Monitoring natijalarini raqamlashtirish jarayonining sustligi.
Inspeksiya rahbari tomonidan ushbu kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, har bir noqonuniy holat yuzasidan qat’iy choralar ko‘rish bo‘yicha hududiy rahbarlarga shaxsiy ogohlantirish berildi.
Xizmat yig‘ilishida tashkiliy masalalar ham ko‘rib chiqildi. Inspeksiya tizimiga yangi kuchlarni jalb qilish va kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida bir qator tayinlovlar amalga oshirildi.
Xususan, Axborot xizmati, Inson resurslarini rivojlantirish va Buxgalteriya yo‘nalishlarida ish boshlagan yangi mutaxassislar jamoaga tanishtirildi. Bu kabi kadrlar yangilanishi Inspeksiyaning jamoatchilik bilan muloqoti va ichki boshqaruv samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurash: Yangi ichki me’yoriy hujjatlar
Xizmat yig‘ilishi yakunlangach, kun tartibi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi seminarga ulandi. Inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassisi J.Zikirov tizimda so‘nggi vaqtlarda qabul qilingan muhim hujjatlar to‘plami bilan xodimlarni tanishtirdi.
Seminar davomida quyidagi ichki idoraviy hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi:
-
Kadrlar siyosati hamda bo‘sh ish o‘rinlariga tanlov asosida ishga qabul qilish to‘g‘risidagi 2025-yil 28-fevraldagi 48-son buyruq;
-
Inspeksiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid ichki me’yoriy hujjatlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi 2025-yil 30-dekabrdagi 147-son buyruq;
-
147-son buyruqqa o‘zgartirish kiritish haqidagi 152-son buyruq;
-
Korrupsiyaga qarshi ichki me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi 2025-yil 27-oktabrdagi 123-son buyruq.
Obodonlashtirish va "Yashil makon"
Yig‘ilish yakunida ijtimoiy masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Navro‘z va Ramazon hayiti bayramlari arafasida tashkil etiladigan umumxalq hasharlarida xodimlarning faol ishtirok etishi, shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlarini ekish va ularni parvarishlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
O‘tkazilgan yig‘ilish va seminar natijalari shuni ko‘rsatadiki, davlat nazorati organlarida mas’uliyatni oshirish va zamonaviy texnologiyalardan (kosmik monitoring) foydalanish bugungi kunning asosiy talabidir. Nazorat tizimining kuchaytirilishi nafaqat noqonuniy qazilmalarning oldini oladi, balki yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga bevosita xizmat qiladi.
Qonuniylik ta’minlanishi va korrupsiyaviy xavflarning kamaytirilishi yer osti boyliklaridan foydalanishda adolatli raqobat muhitini yaratadi. Bu esa mamlakatimizning iqtisodiy barqarorligi va tabiiy resurslarimizning kelajak avlodlar uchun saqlab qolinishini kafolatlaydi.





