Rasmiy bayonot!
2026-02-18 18:00:00 / Press-relizlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani “Tosh-Ota” MFY yaqinida joylashgan hududda portlatish ishlari olib borilgan jarayon aks etgan videomateriallar tarqalib, foydalanuvchilar xabarlariga ko‘ra, ushbu holat natijasida tosh ko‘chishi yuzaga kelgani va yaqin atrofdagi qishloqlar aholisi yashash joylariga ta’sir ko‘rsatgani qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan joyiga chiqilgan holda, mahalliy hokimiyat organlari, tegishli xizmatlar hamda yer qa’ridan foydalanuvchi vakillari ishtirokida holat o‘rganildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, “Shirmonbuloq-6” uchastkasida portlatish ishlari amaldagi ruxsat beruvchi hujjatlar va tasdiqlangan loyiha hujjatlari asosida amalga oshirilgani aniqlandi. Shu bilan birga, portlatish ishlari jarayonida karyerning yuqori qismidan tosh massalarining qulash holati kuzatilib, ayrim jins bo‘laklari ishlab chiqarish hududidan tashqariga chiqib, tutash hududlarga ta’sir ko‘rsatgan.
0350-17-sonli SanPiN talablariга muvofiq eng yaqin joylashgan aholi yashash punktigacha bo‘lgan masofa kamida 500 metr bo‘lishi belgilangan. Joyiga chiqib o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida eng yaqin aholi yashash punkti portlatish ishlari olib borilgan hududdan taxminan 670–1000 metr masofada joylashgani, portlatish jarayonida mayda tosh parchalari uchish masofasi 600 metrdan oshmagani aniqlandi. Mazkur holatlar natijasida aholi hayoti va sog‘lig‘iga bevosita zarar yetkazilmagan.
Aniqlangan holatlar yuzasidan yer qa’ridan foydalanuvchiga xavfsizlik choralarini kuchaytirish, portlovchi moddalar hajmini kamaytirish, aholini oldindan majburiy ravishda xabardor qilish, shuningdek ogohlantiruvchi signal vositalarini o‘rnatish va ulardan foydalanish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Portlatish ishlarining turar joylarga mumkin bo‘lgan ta’sirini baholash masalasi esa mutaxassis tashkilotlar jalb etilgan holda qo‘shimcha ravishda ko‘rib chiqiladi.
Mazkur holat inspeksiya tomonidan doimiy nazoratga olindi.


